Oʻzbekiston va Italiya koʻp qirrali ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga ega. Ikki davlat oʻrtasida bir necha yillardan buyon davom etib kelayotgan doʻstona munosabatlar soʻnggi yillarda mutlaqo yangi bosqichga chiqdi. Siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, energetika, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik, savdo-iqtisodiy aloqalar sezilarli ravishda faollashdi. Ikki mamlakatlar oʻrtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil Oʻzbekiston mustaqilligi tan olingani va Italiyaning Toshkentdagi elchixonasi ochilganidan boshlab yoʻlga qoʻyilgan. Oʻtgan 31 yil davomida oʻzaro manfaatli va istiqbolli hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratildi, ishonchli siyosiy muloqot oʻrnatildi.

Italiya texnologiya, muhandislik, sanoat hamda boshqa sohalarda jahonda yetakchi oʻrinni egallagani sababli Oʻzbekiston bu davlatga katta qiziqish bilan qaraydi. Koʻp marotaba oʻtkazilgan Oʻzbekiston — Italiya biznes forumlari tomonlar sanoat kooperatsiyasi va savdo aloqalarini kengaytirishdan manfaatdor ekanini namoyon etdi. Agar raqamlarga toʻxtaladigan boʻlsak, 2022-yilda Italiya bilan oʻzaro savdo hajmi 381 million dollarni tashkil etdi. Joriy yilning yanvar–aprel oylarida bu koʻrsatkich 155 million dollardan oshgani eʼtiborga molik.

Ayni chogʻda Italiyaning 54 yirik kompaniyasi mamlakatimizda oʻz loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshiryapti. Ular orasida Toshkent metallurgiya zavodi ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilgan “Danieli”, “aqlli” gaz hisoblagichlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirayotgan “Pietro Fiorentini” va “Terranova”, zaʼfaron ishlab chiqarish boʻyicha hamkor “Opera Srl” singari yetakchi kompaniyalar bor. Shuningdek, bugungi kunda Italiya bilan energetika, metallurgiya, qurilish materiallari, bogʻdorchilik, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalarda yangi loyihalar paketini ishlab chiqish boʻyicha muzokaralar davom etmoqda.

Oʻzaro savdo va investitsiyalar hajmi keyingi yillarda ikki barobar koʻpaydi. Metallurgiya, energetika, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasi loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Oʻzbekiston Yevropa va Osiyo oʻrtasidagi koʻprik hisoblanib, sheriklik nuqtayi nazaridan strategik ahamiyatga va katta salohiyatga ega davlat. Shu sababli Italiya mamlakatimizning zamonaviy rivojlanishida ishtirok etishni istaydi va koʻp tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishga tayyor.

Kuni kecha Rim shahrida boʻlib oʻtgan biznes forum davomida jami 9 milliard yevrodan ziyod qiymatga ega investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolangani ikki mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli foyda keltirishi aniq. Rasmiy Toshkent va Rim oʻrtasidagi madaniyatlararo muloqot ancha jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, madaniyat, italyan tilini oʻrganish, taʼlim va turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat bor. Qolaversa, fan-taʼlim, sport, sanʼat sohalarida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Masalan, Toshkentda Turin va Piza universitetlarining filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan boʻlsa, Oʻzbekiston uch yildan buyon Venetsiyadagi Xalqaro biyennaleda ishtirok etib keladi.

Parlamentlararo aloqalar ham izchil rivojlanib borayotganini alohida taʼkidlash joiz. 2011-yildan buyon Italiya parlamenti Deputatlar palatasi va Senati bilan hamkorlik qilish maqsadida Oʻzbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatida parlamentlararo guruhlar faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Italiya parlamentida “Italiya — Markaziy Osiyo” doʻstlik guruhi tuzilgan. Vazirlik va idoralar darajasidagi almashuvlar ham yangi surʼat kasb etayotir. Hamkorlikning rejalari va yoʻl xaritalari asosida idoralararo oʻzaro munosabatlar faol amalga oshirilmoqda.

2021-yil 5-fevral va 21-oktyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Italiya parlamentlararo hamkorlik guruhi aʼzolari va Italiya parlamentining “Italiya — Markaziy Osiyo” doʻstlik guruhi oʻrtasida onlayn uchrashuvlar oʻtkazilgan.

Bugun strategik sheriklik munosabatlari oʻrnatilgach, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar misli koʻrilmagan yuksak darajaga chiqdi. Ushbu tarixiy voqea Oʻzbekiston — Italiya koʻp qirrali hamkorligini yanada rivojlantirishda yangi muhim bosqichning boshlanishidan dalolat beradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella taklifiga binoan shu yil 7–9-iyun kunlari ushbu davlatga tashrifi tarixiy voqea boʻlib, ikki tomonlama munosabatlarni barcha yoʻnalishlarda jadal rivojlantirishda yangi sahifa ochdi. Rim shahridagi Kvirinal saroyida boʻlib oʻtgan muzokaralar chogʻida davlat rahbarlari iqtisodiy hamkorlik masalalarini koʻrib chiqdi. Shuningdek, gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilib, taʼlim, arxeologiya, ekologik xatarlarga qarshi kurashish sohalarida hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.

Tashrif chogʻida yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar, eng avvalo, Afgʻonistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashdi. Afgʻon xalqiga manzilli gumanitar yordamni davom ettirish hamda maxsus vakillar maslahatlashuvlarini muntazam oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.

Oʻzbekistonda BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Oxirgi bir necha yilda hamkorlik portfeli uch barobar kengaydi va bugungi kunda yer va suvdan foydalanish, agrosanoat majmui, oʻrmon xoʻjaligi, ekologiya, chorvachilik va koʻplab boshqa yoʻnalishlarni qamrab olgan.

Global miqyosda oziq-ovqat xavfsizligiga xatarlar kuchayib borayotgan sharoitda sheriklikni yanada kengaytirishdan har ikki tomon ham manfaatdor. Italiyaga rasmiy tashrifning birinchi kunida BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti ofisida bosh direktor Syuy Dunyuy bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv chogʻida ham bu yaqqol ayon boʻldi. S.Dunyuy Oʻzbekistonda agrar sohani modernizatsiya qilishga qaratilgan tarkibiy islohotlarni qoʻllab-quvvatladi.

Muxtasar aytganda, Oʻzbekiston va Italiya hamkorlik munosabatlari keng koʻlam kasb etib, strategik sheriklik aloqalari yuksak darajaga koʻtarilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Italiyaga tashrifi ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarda oldinga tashlangan dadil qadam boʻldi. Uning doirasida erishilgan kelishuvlar Oʻzbekiston – Italiya munosabatlarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonamiz.

Botirbek Toʻrazoda,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati