Oʻzbekiston va Janubiy Koreya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 6 Oktabr 2020 4114

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-oktyabr kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan telefon orqali muloqot qildi.

    Davlatimiz rahbari suhbat avvalida Oʻzbekistonning koʻp millatli xalqi nomidan va shaxsan oʻz nomidan Prezident Mun Chje Inni va doʻst koreys elini Koreya tashkil topgan kun va anʼanaviy Chusok bayrami bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.
    Oʻzbekiston va Janubiy Koreya yetakchilari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi alohida strategik sheriklik maqomidagi ikki tomonlama munosabatlarning holati va ularni yana-da rivojlantirish istiqbollarini batafsil koʻrib chiqdilar, shuningdek, xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
    Koronavirus global miqyosda tarqalishining keng koʻlamli Oʻzbekiston-Koreya aloqalari uchun oqibatlarini kamaytirish maqsadida turli darajalarda faol hamkorlik va muntazam samarali muloqotni davom ettirish muhim ekani taʼkidlandi.
    Oʻzbekiston Prezidenti pandemiyaga qarshi samarali kurashni tashkil etish, ushbu kasallikni profilaktika qilish va davolash boʻyicha ilgʻor tajribani joriy etishga Koreya Respublikasi tomonidan koʻrsatilgan amaliy koʻmak uchun hamkasbiga minnatdorlik bildirdi.
    Sogʻliqni saqlash vazirliklari va boshqa manfaatdor tashkilotlar darajasida yaqindan oʻzaro muvofiqlashuvni, shu jumladan, davolash metodikasini takomillashtirish, vaksinalar ishlab chiqish va ulardan foydalanishni taʼminlash borasida davom ettirishga kelishib olindi.
    Suhbat chogʻida boʻlajak oliy darajali uchrashuvlarning kun tartibini tayyorlashga alohida eʼtibor qaratildi.
    Xususan, Prezidentlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, oʻzaro tovar ayirboshlashni kengaytirish va kooperatsiyani kuchaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, shu jumladan, zarur huquqiy bazani mustahkamlash va ishbilarmonlik tashabbuslarini ilgari surishga koʻmaklashish masalalarini koʻrib chiqdilar.
    Davlat rahbarlari ikki mamlakat hukumatlariga investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va gumanitar hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan 65 ta qoʻshma loyihani, eng avvalo, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi va Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamgʻarmasi doirasida sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalaridagi ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish boʻyicha topshiriq berdilar.
    Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari ishtirokidagi hozirgi kunda umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq boʻlgan istiqbolli loyihalar portfelini kengaytirish yuzasidan oʻzaro muvofiqlashgan choralar qabul qilinadi.
    Muloqot soʻngida Prezidentlar ikki xalq oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik rishtalariga asoslangan serqirra munosabatlarni yana-da mustahkamlash hamda keng koʻlamli amaliy hamkorlikni ilgari surish borasida qatʼiy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.
    Suhbat anʼanaviy samimiy, konstruktiv va doʻstona ruhda oʻtdi.