Suhbat kun tartibidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Koreya Respublikasiga boʻlajak tashrifiga tayyorgarlik koʻrish masalalari oʻrin oldi. Tomonlar rejalashtirilgan tadbirlarni tashkil etishda faol hamkorlik qilishga sodiqliklarini bildirdilar, shuningdek, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik sohasida ishlab chiqilayotgan kelishuvlarni nazarda tutgan holda, oliy darajadagi tashrifning iqtisodiy qismini muhokama qildilar.
Kutilayotgan tadbirlarni amaliy mazmun bilan boyitish va aniq kelishuvlarga erishish uchun uchta qoʻshma ishchi guruh tuzilganligi maʼlum qilindi. Ularning vazifasi ustuvor sohalarda ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha mavjud masalalarni tezkorlik bilan hal qilishdan iborat boʻladi.
Muzokaralar yakunida boʻlajak tashrifning bir qator tashkiliy va mazmundorligi masalalari yuzasidan kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.