Konstruktiv muloqot chogʻida ikki davlat oʻrtasidagi siyosiy, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning bugungi holati hamda uni kengaytirishning istiqbollari muhokama qilindi.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, raqamlashtirish va biznesni qoʻllab-quvvatlash kabi ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirishdan oʻzaro manfaatdorlik bildirildi.
Uchrashuv davomida tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasida Erkin savdo toʻgʻrisidagi bitim yuzasidan kelishish jarayonini yakuniga yetkazishni jadallashtirishga kelishib oldilar. Ushbu qadam ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi hamda Oʻzbekiston-Koreya savdo aylanmasi hajmini sezilarli darajada oshirishi qayd etildi.
Shuningdek, EDPF Iqtisodiy taraqqiyotga koʻmaklashish jamgʻarmasi bilan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Elektrotexnika, biofarmatsevtika, infratuzilmaviy rivojlanish va boshqa sohalarda yangi innovatsion loyihaviy takliflarni ishlab chiqish, shuningdek, kelgusida amalga oshirish uchun eng istiqbolli yuqori texnologiyali loyihalarni belgilash maqsadida Jamgʻarma hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbarlari va mutaxassislaridan iborat ikki tomonlama ishchi guruh tuzishga kelishib olindi.
Qishloq xoʻjaligi, gaz-kimyo sanoati va boshqa ustuvor sohalardagi bir qator masalalar ham koʻrib chiqildi.
Alohida tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Koreya Respublikasiga boʻlajak tashrifiga tayyorgarlik koʻrish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Yangi investitsiyaviy va savdo bitimlarini amalga oshirishga doir takliflar ishlab chiqish maqsadida ikki mamlakat vazirlik va idoralari oʻrtasida hamkorlikni faollashtirishga kelishildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hukumatlararo darajada muntazam hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar. Bu ikki tomonlama munosabatlar masalalari ustida tezkor ravishda ishlash hamda oʻzaro manfaatli sheriklikni yanada kengaytirish boʻyicha yangi takliflar bilan uzluksiz almashib turish imkonini beradi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.