Oʻzbekiston delegatsiyasiga Bosh vazir oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Koreya delegatsiyasiga esa Bosh vazir oʻrinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Xong Nam Ki boshchilik qildi.
Uchrashuvda, shuningdek, qishloq xoʻjaligi, energetika, sogʻliqni saqlash, yengil va elektrotexnika sanoati hamda boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikka masʼul boʻlgan vazir oʻrinbosarlari va ikki mamlakat vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv ikki davlat oʻrtasidagi kelishuvlarni amalga oshirishni muhokama qilish, shuningdek, koʻp qirrali ikki tomonlama sheriklikni yanada chuqurlashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish uchun maydonchaga aylandi.
Tomonlar amalga oshirilayotgan loyihalarning bugungi holatini koʻrib chiqib, sanoat, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, iqtisodiyotni raqamlashtirish, “yashil” texnologiyalar, ilm-fan va taʼlim sohalarida yangi loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirishni nazarda tutgan holda, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va Koreyaning ilgʻor texnologiyalarini jalb qilish boʻyicha saʼy-harakatlarni faollashtirish dolzarbligini taʼkidladilar. Tez orada ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari tomonidan iqtisodiy samaradorligi har tomonlama koʻrib chiqiladigan aniq loyihaviy takliflar ilgari surildi.
Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning barqaror ijobiy dinamikasi qayd etildi. Joriy yil boshidan buyon Oʻzbekistonning Koreyaga amalga oshirilgan eksporti oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 9 foizga, Oʻzbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan toʻgʻridan-toʻgʻri Koreya investitsiyalarining umumiy hajmi esa 7 milliard dollardan oshdi. Oʻzbekiston tomoni Koreya hukumatining Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Turkmaniston bilan oʻzaro savdo hajmini 2023-yilga borib 10 milliard dollarga yetkazishni koʻzlab olib borilayotgan “Yangi Shimoliy siyosat”ini qoʻllab-quvvatlashga sodiqligini hamda ushbu tashabbus doirasida yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Moliyaviy va texnik hamkorlikni jadallashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. EDCF jamgʻarmasi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan Farmatsevtika klasteri, Kimyoviy texnologiyalar markazi va oʻzida kattalar uchun koʻptarmoqli shifoxona, onkologik kasalliklarni davolashga moʻljallangan shifoxona va tibbiyot universitetini mujassam etgan Tibbiyot klasteri kabi loyihalarning hozirgi holati koʻrib chiqildi. Koreyaning KOICA Xalqaro hamkorlik agentligi bilan muvaffaqiyatli munosabatlar ham qayd etildi. Jumladan, uning yordamida Oʻzbekistonda qiymati 32 mln dollarga teng boʻlgan 130 ta loyiha amalga oshirildi va Koreyada oʻzbek mutaxassislari uchun 2 mingdan ortiq amaliyot kurslari tashkil etildi. KOICA bilan 2022-2024-yillarga moʻljallangan yangi Hamkorlik dasturini shakllantirish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi. Tomonlar boʻlajak oliy darajadagi tashrif davomida hujjatni imzolash maqsadida uni nihoyasiga yetkazishga kelishib oldilar.
Uchrashuv davomida boʻlib oʻtgan fikr almashuvlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun ulkan zaxiralar mavjudligini koʻrsatdi. Ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari erishilgan kelishuvlarni sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish hamda Oʻzbekiston-Koreya munosabatlarini yanada chuqurlashtirish borasida yangi takliflar bilan almashish maqsadida yaqindan muloqot qilishni davom etishga oʻzaro tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.