Xususan, Savdo, sanoat va energetika vazirligi vakillari bilan oʻtkazilgan ishchi uchrashuvlarda Oʻzbekiston Respublikasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik istiqbollari, shuningdek, elektron tijoratni rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Oxirgi besh yil ichida tovar ayirboshlash ikki baravarga oshib, 2021-yilda 1,8 milliard dollarga, 2022-yil yanvar-avgust oylarida esa 1,6 milliard dollarga yetdi. Ikki davlat oʻrtasida Erkin savdo bitimini imzolash boʻyicha ishlarni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Investitsiyaviy hamkorlik izchil kengaytirilayotgani qayd etildi. Ayni paytda Oʻzbekistonda Koreya kompaniyalari bilan birgalikda umumiy qiymati 14 milliard dollardan ortiq boʻlgan 100 ga yaqin investitsiya loyihasi amalga oshirilyapti. Tomonlar dolzarb muammolarni hal etish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida har oyda oʻtkaziladigan Oʻzbekiston-Koreya virtual tijorat muloqotiga

asoslangan yangi oʻzaro hamkorlik mexanizmini joriy etishga kelishib oldilar.

Koreyaning KTNet kompaniyalari va Koreya texnologiyalarni rivojlantirish instituti rahbariyati bilan oʻtkazilgan muzokaralarda “Oʻzbekistonda Milliy elektron savdo maydonchasini yaratish loyihasining 4-bosqichi” doirasida TradeUZ.com elektron savdo maydonchasini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Qayd etilishicha, TradeUZ.com Milliy elektron tijorat platformasida ayni paytda 3 000 nafar oʻzbekistonlik eksportyorlar, 10 000 nafar xorijiy xaridorlar, 5 000 dan ortiq nomdagi tovarlar toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud. Ushbu sayt orqali koʻrsatilayotgan interaktiv xizmatlar, jumladan, transport-logistika xizmatlarini koʻrsatish, koʻproq mijozlar va yetkazib beruvchilarni jalb etish, axborot mazmunini va sonini oshirish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Koreya Eksimbanki va Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan ishchi uchrashuvlar oʻtkazilib, ularda mavjudlarini amalga oshirish masalalari, shuningdek, ushbu moliya institutlarining Oʻzbekistonda investitsiya ishtirokini kengaytirish istiqbollari muhokama etildi. Tomonlar taʼlim, oʻzbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish va tadbirkorlik rivojini ragʻbatlantirish yoʻnalishlarida umumiy qiymati 50,6 million dollar boʻlgan 8 ta loyihani, shuningdek, 2022-2024-yillarga moʻljallangan Moliyaviy – texnik hamkorlik dasturi doirasidagi loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha zarur choralarni koʻrishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Uchrashuvlar yakuni boʻyicha muhokama etilgan loyiha va tashabbuslarni toʻliq amalga oshirish maqsadida koreyalik hamkorlar bilan hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha aniq amaliy chora-tadbirlar dasturi shakllantirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.