Oʻzbekiston va Kuvayt oʻrtasida mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik kengaytiriladi

    Hozirgi kunda Kuvayt mehnat bozorida asosan sogʻliqni saqlash va xizmat koʻrsatish tarmoqlarida ishchi kuchiga ehtiyoj borligi maʼlum qilindi.

    Oʻzbekiston elchisi Ayubxon Yunusov Kuvayt Ishchi kuchi boʻyicha bosh qoʻmitasi direktori Marzuq al-Utaybiy bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muzokaralar Oʻzbekiston Prezidentining shu yil 17-oktyabrdagi «Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida«gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi.

    Tomonlar migratsiya sohasida hamkorlikni jadallashtirish, Kuvaytning turli davlat va xususiy sektorlarida Oʻzbekiston fuqarolarini qonuniy tarzda ish bilan taʼminlash masalalarini muhokama qildilar.

    Marzuq al-Utaybiy Kuvaytdagi mehnat bozori ehtiyojlari asosida zarur mutaxassisliklar boʻyicha malakali xorijiy ishchi kuchini yollash jarayonini rivojlantirish boʻyicha izchil saʼy-harakatlar olib borilayotganini bildirdi. Hozirgi kunda Kuvayt mehnat bozorida asosan sogʻliqni saqlash va xizmat koʻrsatish tarmoqlarida ishchi kuchiga ehtiyoj borligi maʼlum qilindi.

    Uchrashuvda ushbu sohalarda Oʻzbekiston fuqarolarini Kuvaytda ish bilan taʼminlash uchun ikki tomonlama hamkorlikning huquqiy asoslarini yaratishning muhimligi taʼkidlandi.

    Muloqot yakunida ikki davlatning tegishli tashkilotlari oʻrtasida xususiy sektorda ishchi kuchi bilan almashish sohasida oʻzaro anglashuv memorandumi loyihasini ishlab chiqish va imzolash, shuningdek, tomonlar oʻrtasida onlayn muzokaralar oʻtkazish toʻgʻrisida ahdlashib olindi.