O‘zbekiston va Malayziya islom moliyasi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash doirasida hamkorlik qiladi

    O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Malayziya oliy taʼlim vaziri Mohamed Xalid Nordin bilan uchrashuv o‘tkazdi.

    Suhbat davomida Malayziya tomoniga Yangi O‘zbekistonda taʼlim tizimini tubdan o‘zgartirish, uni xalqaro standartlarga integratsiyalash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar hamda konstitutsion islohotlar, shu jumladan qo‘shimchalar kiritilayotgan Asosiy qonunda taʼlim olish huquqi va undan foydalanish, shuningdek, o‘qituvchilarga konstitutsiyaviy maqom berilishi to‘g‘risida alohida o‘zgarishlar kiritilayotganligi hakida batafsil maʼlumotlar berildi.

    Malayziya tomoni, respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilayotgan Konstitutsiya mamlakatning farovonligini yana-da yuksaltirish bilan birga Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yangi davrni ochib berishini taʼkidladi.

    Suhbat davomida oliy taʼlim sohasidagi hamkorlikning istiqbollari, shu jumladan Malayziyaning ilg‘or islom moliyasi bo‘yicha tajribasini O‘zbekistonda tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.

    Mohamed Xalid Nordin Malayziyani ikki davlat o‘rtasidagi madaniyat va bilim tizimlari ko‘priklarini yana-da kengaytirish va mustahkamlashdan tarafdor ekanligini taʼkidladi.

    «Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasida oliy taʼlim sohasidagi ikki tomonlama do‘stona munosabatlar azaldan rivojlanib kelmoqda. Malayziya tomoni oliy taʼlim sohasida ikki davlat uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan har qanday hamkorlikni, ayniqsa oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni qo‘llab-quvvatlaydi», dedi Mohamed Xalid Nordin.

    Xorijiy tomon O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasi (BMA) va Malayziya Yutara universiteti huzuridagi Islom biznes maktabi o‘rtasidagi respublikada islom moliyasini rivojlantirish va ushbu sohada mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha o‘rnatilgan hamkorlikni olqishladi.

    Uchrashuv yakunida joriy yilning iyun oyida Malayziya Yutara universiteti huzuridagi Islom biznes maktabi delegatsiyasining O‘zbekistonga amaliy safarini uyushtirish va respublika mutaxassislari uchun seminar hamda treninglar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.