Muzokaralar natijasida turli xorijiy davlatlarning, shu jumladan Malayziya bandlik agentliklari va salohiyatli ish beruvchilari Oʻzbekiston mehnat resurslariga qiziqish bildirmoqda.

Vazirlar Mahkamasining Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish masalalari va xalqaro iqtisodiy hamkorlik departamenti, mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Malayziyaning Johor shtati bandlik agentliklari assotsiatsiyasi (JAPS) va “APLMC” kompaniyasi vakillari ishtirok etgan uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi mehnat migratsiyasi sohasidagi aloqalarni yana-da kengaytirish, xususan, Oʻzbekistondagi mehnat bozorini oʻrganish orqali fuqarolarni Malayziyadagi yirik zavod, fabrika, qurilish obyektlari va ishlab chiqarish korxonalariga ishga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Taʼkidlash joiz, Johor shtati bandlik agentliklari assotsiatsiyasi Malayziyadagi xorijiy migrantlarni ish bilan taʼminlash boʻyicha yirik tashkilot hisoblanadi. U mamlakatda ushbu yoʻnalishda faoliyat yurituvchi 46 ta kompaniyani birlashtirgan hamda janubiy-sharqiy Osiyo mamlakatlari, Hindiston, Nepal, Bangladesh va boshqa davlatlarning tashkilotlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.

“APLMC” kompaniyasi yirik sanoat korxonalari, mehmonxona va xizmat koʻrsatish sohasidagi xoʻjalik subyektlari bilan hamkorlik qiladi.

Videoaloqa shaklida oʻtkazilgan uchrashuvda Malayziya hududida Oʻzbekiston fuqarolarini ishga jalb qilishning talablari va mehnat sharoitlari, ikki mamlakatning mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish, oʻzaro tajriba almashuvini yana-da faollashtirish yuzasidan fikr almashildi.