Savdogarbank va Oʻzbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi vakillari Malayziyaning Kenaf va Tamaki Milliy kengashi (NKTB) rahbariyati bilan onlayn muzokaralar oʻtkazdilar, deya xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir davomida Qashqadaryo viloyatida kanopni yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha qoʻshimcha investitsiya loyihasini amalga oshirish mumkin boʻlgan masalalar muhokama qilindi.
1973-yilda tashkil etilgan NKTB Malayziyadagi yagona davlat organi boʻlib, uning asosiy vazifalari va vakolatlari ip, mato, sellyuloza, toʻqilmagan mato, kosmetika va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun kanopni yetishtirish va qayta ishlash sanoatini rivojlantirish, ushbu sohani yana-da kengaytirish dasturlarini ishlab chiqishni taʼminlaydi. Mazkur sohada faoliyat yuritadigan kompaniyalar uchun imtiyozlar va preferensiyalar berish, shuningdek, bunday kompaniyalarga roʻyxatdan oʻtish, sertifikatlar berish kanop va tamaki mahsulotlarining narx siyosatini tartibga solish ishlari bilan shugʻullanadi.
Bundan tashqari, Kengash kanop va tamaki mahsulotlarini ekish, ishlab chiqarish, yigʻish, qayta ishlash, saqlash, ularni sotish bilan bogʻliq ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shugʻullanadi.
Shuningdek, mutaxassislarning malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslari va amaliy seminarlarni tashkil qiladi.
Malayziya tomoniga Oʻzbekistonning iqtisodiy va resurs salohiyati, ishbilarmonlik muhitini yana-da yaxshilash boʻyicha olib borilayotgan islohotlar, shuningdek, yuqlorida aytib oʻtilgan loyihani birgalikda amalga oshirish shartlari boʻyicha batafsil maʼlumotlar berildi. Muzokaralar yakunida maʼlumot almashish va yuqorida koʻrsatilgan investitsiya loyihasini birgalikda amalga oshirish istiqbollari boʻyicha muloqotni davom ettirish toʻgʻrisida kelishuvlarga erishildi.