Tashrif doirasida ikki mamlakat yetakchilarining oliy darajadagi muzokaralari ochiq va ishchan muhitda boʻlib oʻtgani, muloqotning samarali natijalari haqida soʻz bordi. Bu tarixiy tashrif ikki mamlakat oʻrtasida doʻstlikni mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.
Davlat tashrifi davomida imzolangan jami 14 ta hujjat mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi, Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston munosabatlari tarixida yangi sahifa ochishga turtki boʻlishi aytib oʻtildi.
Keyingi yillarda ikki mamlakat oʻrtasida tovar ayirboshlash hajmi izchil oʻsib boryapti. Yetakchi kompaniya va korxonalar oʻrtasida hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilayotgani taʼkidlandi.
Uchrashuvda madaniyat, taʼlim, turizm sohalarida faol almashinuvlarning yoʻlga qoʻyilishi xalqlarimizni yanada birlashtirishga xizmat qilishi aytib oʻtildi.
Parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Oʻzbekiston – Moʻgʻuliston parlamentlari doʻstlik guruhlari oʻrtasidagi munosabatlarni faollashtirish va parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish taklif qilindi.
Munosabatlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati va Moʻgʻuliston Buyuk Davlat Xurali oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumni ishlab chiqish va imzolash masalasi qoʻllab-quvvatlandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux Oliy Majlis Senatining Faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.