Muloqot chogʻida Oʻmon tomoni mamlakatimizning boy sayyohlik salohiyati hamda bu jabhani yanada rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar va ular berayotgan salmoqli natijalar bilan yaqindan tanishtirildi.
“Zahara Tours” vakillari Oʻzbekiston Oʻmon fuqarolari uchun oʻn kunlik vizasiz rejimni joriy etgani respublikaga oʻz mamlakatidan sayyohlar oqimining koʻpayishiga xizmat qilishini qayd etar ekan, bu yoʻnalishda Oʻzbekiston bilan oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.
“Zahara Tours” vakillari Oʻmon aholisi, asosan, faqat maktab darsliklari orqali Oʻzbekistonni bilishini, shu bois ijtimoiy tarmoqlarning arab tili segmentida Oʻzbekistonning jahonga mashhur shaharlari va ularning ulkan sayyohlik imkoniyatlarini targʻib qiluvchi axborotlar tarqatish hajmini yanada oshirish lozimligini bildirdi. Bu, shubhasiz, arab dunyosi mamlakatlaridan, shu jumladan Oʻmondan Oʻzbekistonga boradigan sayyohlar oqimini koʻpaytirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv intihosida “Zahara Tours” vakillari tomonidan joriy yil dekabr oyida Masqat shahrida oʻzbekistonlik turoperatorlar ishtirokida seminar oʻtkazish taklif etildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.