Oʻzbekiston va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki oʻrtasidagi hamkorlikning yangi istiqbollari

    Xalqaro hamkorlik 23 Fevral 2021 1846

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) prezidenti Szin Lisyun oʻrtasida videokonferensiya shaklida qoʻshma loyihalarning bugungi holati, shuningdek, oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilishga bagʻishlangan muzokaralar oʻtkazildi.

    Muloqot chogʻida OIIB rahbariyati Markaziy Osiyo mintaqasidagi strategik sheriklardan biri sifatida Oʻzbekiston bilan munosabatlar yuqori darajada ekanini qayd etib, uni izchil kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

    Muzokaralar chogʻida joriy yilning yanvar oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Pokiston delegatsiyalaridan iborat uch tomonlama ishchi guruhining yigʻilishida OIIB tomonidan qoʻllab-quvvatlangan “Mozori Sharif – Qobul – Peshavor” trans — afgʻon temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Mintaqa hududida oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirish va mustahkamlash OIIB missiyasining asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligi va shu sababli Bank rahbariyati ushbu loyihani muvaffaqiyatli va oʻz vaqtida roʻyobga chiqarish doirasida koʻp tomonlama hamkorlikka alohida eʼtibor qaratishi taʼkidlandi.

    Muzokaralar chogʻida umumiy qiymati 930 million dollardan koʻproq boʻlgan amaldagi va ishlab chiqilayotgan loyihalarni hayotga tatbiq etish bilan bogʻliq masalalar ham muhokama etildi. Buxoro viloyatida suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini qurish va modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirish bosqichiga oʻtishni jadallashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Eslatib oʻtamiz, mazkur loyihaning joriy etilishi natijasida Buxoro viloyatining 1,1 milliondan ortiq aholisi ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi va 100 mingga yaqin kishi markazlashgan kanalizatsiya tizimiga ulanadi.

    Infratuzilmaviy qurilish, sogʻliqni saqlash, xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash va boshqa sohalarda umumiy qiymati 2,1 milliard dollarlik yangi istiqbolli loyihalarni birgalikda rivojlantirishni jadallashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, Oʻzbekistonda eksport qiluvchi tadbirkorlar hamda kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, aholi bandligini oshirish va kasanachilikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbus va dasturlarni moliyalashtirish uchun Bankdan qoʻshimcha mablagʻ jalb etish imkoniyatlari koʻrib chiqiladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Muzokaralar natijasida tomonlar amaldagi loyihalarning ijrosini jadallashtirish va birgalikda ishlab chiqish bosqichida boʻlgan loyihalarni kelishish boʻyicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar.