Tashrifdan koʻzlangan maqsad – mazkur majmua faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda Oʻzbekiston — Ozarbayjon sarmoyaviy hamkorligining istiqbollariga doir masalalarni muhokama qilishdan iborat boʻldi.
Sanoat parki bilan tanishuv chogʻida Ozarbayjon investitsiya kompaniyasi, Sumgait kimyo sanoat parki investitsiya va biznesni qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi hamda “Diamed Co.” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.
Muloqotlar yakunida mahalliy va tashqi bozorlarda xaridorgir boʻlgan mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, erkin iqtisodiy zonalar va sanoat parklarini yaratishda oʻzaro tajriba va bilim almashishni oʻz ichiga olgan sarmoyaviy loyihalarini amalga oshirishda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini oʻrganishga doir kelishuvlarga erishildi.
Umumiy maydoni 30 gektarni tashkil etuvchi Pirallaxin sanoat parki 2016-yil sentyabr oyida ishga tushirilgan boʻlib, uning asosiy faoliyat yoʻnalishi farmatsevtika sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarishdan iborat. Ayni paytda 650 ish oʻrni yaratilgan ushbu majmuada 5 ta rezident kompaniya – “R-PHARM”, “İFFA”, “Absheron Saffron Ltd”, “Diamed Co.”, “Caspian Pharmed” masʼuliyati cheklangan va hissadorlik jamiyatlari oʻz faoliyatini amalga oshirib kelyapti, deb xabar beradi “Dunyo” AA.