Muzokaralar kun tartibidan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish borasidagi keyingi qadamlar, shuningdek, “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida rejalashtirilgan qator ikki tomonlama tadbirlarni oʻtkazishga tayyorgarlik masalalari oʻrin oldi.
Pokiston Oʻzbekiston bilan koʻp qirrali hamkorlikni yana-da rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotgani va ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha aloqalarni faollashtirish uchun ulkan imkoniyatlar koʻrayotgani taʼkidlandi.
Shuningdek, Pokiston ishbilarmonlar hamjamiyatining Oʻzbekistonda biznes yuritishga boʻlgan qiziqishi yuqori ekani, shu munosabat bilan Pokiston tadbirkorlari, sanoatchilari va bank sektori vakillaridan iborat yirik delegatsiya oʻzbekistonlik salohiyatli hamkorlar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini muhokama qilish maqsadida yurtimizga tashrif buyurishi qayd etildi.
Tomonlar investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirish boʻyicha qatʼiy kelishuvlarni inobatga olgan holda, toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish va aniq natijalarga erishish uchun ikki tomon hamkorlarining bevosita uchrashuvlarini tashkil etishga koʻmaklashishga oʻzaro tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Muzokaralar yakunida savdo, investitsiya, transport, energetika sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, kooperatsiya boʻyicha aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish, kelgusi tadbirlar kun tartibini amaliy mazmun bilan boyitish maqsadida taʼlim, sogʻliqni saqlash, turizm, fan va madaniyat sohalaridagi aloqalarni kengaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.