Delegatsiya aʼzolari Polsha Milliy filarmoniyasi badiiy rahbari Kshishtov Ovchinik bilan uchrashdi. Unda Polsha vakillariga Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi faoliyati, mamlakatimizda milliy musiqa sanʼatini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor, anʼanaviy va akademik musiqa va raqs sanʼatini rivojlantirish, ijrochilarning kasb mahoratini oshirish va iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularga uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar haqida soʻzlab berildi.

Bu borada xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish, Oʻzbekistonda musiqa va teatr sanʼatini rivojlantirish borasidagi davlat siyosatining ustuvor vazifalarini bajarishda tajriba almashish muhimligi alohida taʼkidlandi.

Polsha Milliy filarmoniyasi rahbariyati oʻzbekistonlik hamkorlar bilan hamkorlikni faollashtirish va oʻzaro tajriba almashishga tayyorligini bildirdi.

Oʻzbekiston vakillarining Lodz shahridagi Artur Rubinshteyn nomidagi filarmoniya bosh direktori Tomash Benben bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvi chogʻida mazkur filarmoniya tarixi, tashkiliy tuzilmasi, faoliyati va ijodiy dasturlari haqida maʼlumot olindi.

Tadbir yakunlari boʻyicha ijodiy jamoalar va orkestrlarning gastrol safarlarini tashkil etish, ikki mamlakat milliy sanʼatini ommalashtirishda oʻzaro hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.