Amaliy safar O‘zbekistonning Varshavadagi elchixonasi tomonidan Polsha chegara xizmati Bosh komendantligi bilan birgalikda yevropa Ittifoqining «A’zo davlatlar va uchinchi davlatlar bilan identifikatsiya va qaytish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash» EURLO loyihasi doirasida tashkil etildi.

Safardan ko‘zlangan maqsad ikki mamlakatning noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xizmatlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish va kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini aniqlashdan iborat bo‘ldi.

Polsha chegara xizmati Beshad otryadi komendanti, general Robert Rogoz bilan uchrashuv, shuningdek, chegara xizmatlari bo‘linmalarining davlat chegarasini himoya qilish sohasidagi infratuzilmasi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish vazifalari bilan tanishish maqsadida Medika, Korchava, Xuvniki, Gurne va Jeshuv-Yasenka maxsus chegara bo‘limlariga tashriflar tashkil etildi.  

Uchrashuvlarda noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashda chegara va migratsiya xizmatlari salohiyatini mustahkamlash hamda ikki mamlakat vakolatli organlari o‘rtasidagi hamkorlik samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Polsha tomoni noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash, shuningdek, noqonuniy muhojirlarni aniqlash va o‘z mamlakatiga qaytarish bo‘yicha tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Pshemisl shahridagi xorijliklar vaqtincha saqlash markazida bo‘ldi. Markaz infratuzilmasi va vazifalari, xizmatni tashkil etish, shuningdek, chet el fuqarolari masalalarda vakolatli chegara xizmati va davlat organlari hamda boshqa idoralar bilan o‘zaro hamkorlik mexanizmlari bilan tanishildi. Polsha va yevropada migratsiya bilan bog‘liq vaziyat, shuningdek, chet elliklarni aniqlash uchun ishlatiladigan innovatsion usullar va vositalar muhokama qilindi.

«Polsha va O‘zbekiston chegara xizmatlari o‘rtasida hamda FRONTEX va EURLO bilan faol va samarali ishlar davom etmoqda, — dedi general Robert Rogoz. — O‘zbekistonda qisqa vaqt ichida chegara xizmatlari va bo‘linmalar tuzilmasi to‘liq yangilandi. Mamlakat chegara qo‘shinlari va chegara tuzilmalari xalqaro tajriba to‘plab, qo‘shni va yevropa davlatlari bilan hamkorlikni davom ettirmoqda. Hafta davomida mamlakatlarimizning noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash sohasidagi xizmatlari vakillari noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqdi».

E'tiborli jihati, ushbu tashrif 1991-yil 16-mayda tashkil etilgan Polsha chegara xizmatining 30 yilligi arafasida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari polshalik hamkasblarini ushbu muhim sana bilan samimiy qutladi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Polshaga tashrifi samarali bo‘ldi. Uning yakunlari bo‘yicha noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashda o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, ikki mamlakat vakolatli organlari vakillarining turli darajadagi uchrashuvlarini muntazam davom ettirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.