Delegatsiyalarga Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Akram Aliyev va Polsha Taraqqiyot va texnologiyalar vazirligi davlat kotibi Mixal Yarosh boshchilik qildi.
Dastlab ikki mamlakatning 150 dan ortiq yirik kompaniyasi rahbarlari ishtirokida biznes-forum boʻlib oʻtdi. Mazkur anjumanda hamkor davlatning “Jakusz”, “BioRex Food diagnostics”, “Pronar”, “Fabryka Maszyn elektrycznych Damel S.A.”, “Społdzielnia Mleczarska Mlekovita”, “Bank Gospodarstwa Krajowego (BGK)”, “Skybone”, “Horus-Energia”, “Trade Connect group”, “Clever logistics”, “ABP Lana LP”, “Amberite Polanya” kabi yirik korxonalari masʼullari hozir boʻlishdi.
Tomonlar ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi hamkorlikni faollashtirish, mintaqaviy bozorlar va transport-logistika tizimi imkoniyatini chuqur tahlil qilish asosida oʻzaro savdo munosabati koʻlamini jadal kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, Oʻzbekiston va Polsha tovar aylanmasi soʻnggi besh yilda ikki barobar tkzlashib, oʻtgan yil 400 million dollarga yaqinlashdi. Respublikamizda Yevropaning ushbu mamlakati sarmoyasi ishtirokida 39 korxona faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga mintaqaviy bozorlarga imtiyozli kirish imkoniyatlaridan foydalanib, mahsulot va xizmat ayirboshlashni kuchaytirish uchun hali ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligi eʼtirof etildi.
Biznes-forumda iqtisodiyotimiz tarmoqlari salohiyati namoyish etildi. Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʻjaligi, turizm, raqamli texnologiya sohalarini rivojlantirish, taʼlim yoʻnalishida sof joriy qiymat koʻrsatkichi yuqori boʻlgan yangi investitsiya tashabbuslari, aniq loyihaviy takliflar taqdim etildi.
Shuningdek, yurtimizda tadbirkorlarning qulay faoliyat yuritishi, huquqi va manfaati himoya qilinishi uchun yaratilgan shart-sharoit, sarmoyaviy va ishlab chiqarish salohiyatining amaliy jihatlari haqida soʻz yuritildi.
Sheriklikning hozirgi holati va aloqalarni yanada rivojlantirish istiqboli atroflicha koʻrib chiqilib, oʻzaro savdo koʻrsatkichi, sarmoya jalb etish va sanoat kooperatsiyasi boʻyicha maqsadli meʼyorlar belgilab olindi.
Forum dasturiga koʻra tashkil qilingan B2B va B2G formatidagi uchrashuvlarda tadbirkorlar yangi aloqalar oʻrnatish, oʻzaro manfaatli loyihalarni birgalikda amalga oshirish va tuzilajak savdo shartnomalarini muhokama qilish imkoniga ega boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi va Polsha Respublikasi oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya yigʻilishida tegishli vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlarining amaldagi kelishuvlar ijrosi yuzasidan maʼruzalari tinglandi. Loyihalarning har bir bosqichi atroflicha tahlil qilinib, belgilangan vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishni jadallashtirishga qaratilgan samarali yechimlar ishlab chiqildi, tegishli muddatlar, masʼullar belgilandi.
Tadbirlar yakuni boʻyicha Hukumatlararo qoʻshma komissiya yigʻilishi bayonnomasi hamda qator ikki tomonlama shartnomalar, jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi bilan Polsha investitsiyalar va savdo agentligi oʻrtasida Oʻzaro anglashuv memorandumi, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari Ishbilarmonlar kengashini tashkil qilish toʻgʻrisidagi bitim, respublikamiz Tadbirkorlar huquqini himoya qilish boʻyicha Vakil (Biznes-ombudsman) va hamkor davlat Kichik va oʻrta biznes boʻyicha Ombudsmanı oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolandi.