Suhbat davomida Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi va ziddiyatlar mintaqaviy barqarorlik va tinchlikka jiddiy tahdid solayotgani ta’kidlandi. Muqaddas Ramazon oyida musulmon ummati oʻrtasidagi kelishmovchilikni kuchaytiradigan nomaqbul harakatlardan chuqur xavotir ifoda etildi.

Davlat suvereniteti, tinchligi va osoyishtaligiga xavf soluvchi har qanday xatti-harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish mintaqa davlatlarining umumiy manfaatlariga xizmat qilishi taʼkidlab oʻtildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston yetakchisi Qatarda boʻlib turgan fuqarolarimizning xavfsizligini taʼminlash va ularni Vataniga qaytarish boʻyicha koʻrilayotgan choralar hamda yaratilgan sharoit uchun Amir Aʼlo Hazratlariga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Oʻz navbatida Qatar Amiri hozirgi sinovli kunlarda Oʻzbekiston Prezidentiga doʻstona muloqoti, doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlab kelayotgani, bildirgan samimiy birdamlik soʻzlari, ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga qaratayotgan katta eʼtibori uchun alohida tashakkur izhor etdi.