Uchrashuvda oʻzbek-qirgʻiz hamkorligining bugungi holati va uni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish va tuzilgan bitimlar ijrosini taʼminlash boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni amalga oshirishga oʻzaro tayyorlik bildirildi.
Tomonlar iqtisodiy sheriklikni yanada kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini qayd etib, avvalo sanoat kooperatsiyasi loyihalari va savdo shartnomalarini nazarda tutgan holda yangi kelishuvlarga erishish maqsadida vazirlik va idoralar ishchi guruhlarining oʻzaro tashriflarini tashkil qilishga kelishib oldilar. Shu nuqtayi nazardan, qoʻshma istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish va ragʻbatlantirishning samarali vositasi sifatida 2021-yilda tashkil etilgan Oʻzbek-Qirgʻiz taraqqiyot jamgʻarmasining ahamiyati qayd etildi.
Uchrashuv ishtirokchilari ikki tomonlama hamkorlik kun tartibidagi muhim masalalarni muhokama qilgandan soʻng ikki davlatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirokidagi kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarga oʻtdilar. Unda sanoat, mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berish, transport va tranzit, bojxona tartib-taomillari, taʼlim va madaniyat sohalaridagi masalalar har tomonlama koʻrib chiqildi.
Gidroenergetika, infratuzilma va transport sohasidagi qoʻshma loyihalarni hayotga tatbiq etishning amaliy jihatlari ham koʻrib chiqildi va kelishib olindi. Oʻzaro maqbul yechimlar ishlab chiqildi va ushbu loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha birgalikdagi ishlarni faollashtirish toʻgʻrisida yakdil qarorga kelindi.
Uchrashuv yakunida yuzaga kelayotgan barcha muammolarni zudlik bilan hal qilish maqsadida ikki tomonlama hamkorlikning barcha yoʻnalishlari boʻyicha munosabatlarni chuqurlashtirishga oʻzaro sodiqlik bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.