Uchrashuvda, avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika, suv-energetika, turizm va gumanitar sohalardagi koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi serqirra munosabatlarni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga oʻzaro sodiqlik bildirildi.
Ikki tomonlama savdo koʻrsatkichlarida sezilarli oʻsish kuzatildi. Jumladan, soʻnggi 5 yil ichida Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 5 baravar oshdi va 2021-yilda 950 million dollarga yetdi. Bugungi kunda oʻzaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjudligi maʼlum qilindi va shu munosabat bilan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash boʻyicha ishlarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Investitsiyaviy sohada ham sezilarli yutuqlar kuzatilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi investitsiyaviy munosabatlar kengayishining katalizatori boʻlishga moʻljallangan Oʻzbek – qirgʻiz taraqqiyot jamgʻarmasining rasmiy ochilishini olqishladilar.
Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari ikki tomonlama hamkorlik kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar va qoʻshma loyiha va tashabbuslarni ilgari surishni jadallashtirish hamda yuzaga kelayotgan masalalarni zudlik bilan hal qilish maqsadida hukumatlararo va idoralararo hamkorlikni yanada faollashtirish boʻyicha qator takliflarni bildirdilar.
Uchrashuv yakunida koʻrib chiqilgan barcha sohalarda munosabatlarni yanada rivojlantirish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni faollashtirish, amaldagi kelishuvlarni sifatli va oʻz vaqtida roʻyobga chiqarish yuzasidan kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.