Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

    Hukumat 24 Iyul 2021 2106

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi.

    Prezident Sadir Japarov davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan dildan tabriklab, birodar Oʻzbekiston xalqiga farovonlik va ravnaq tilaklarini izhor etdi.

    Ikki tomonlama kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikka doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.

    Joriy yilning 11-12-mart kunlari Toshkent shahrida oʻtgan oliy darajadagi Oʻzbekiston-Qirgʻiziston sammiti davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhim ekani qayd etildi. Energetika, trasnport, mashinasozlik, farmatsevtika va boshqa tarmoqlardagi qoʻshma loyihalarni jadal ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Yaqinda oʻtkazilgan Markaziy va Janubiy Osiyoning bogʻliqligini kuchaytirish masalalari boʻyicha xalqaro konferensiyaning mintaqamizda xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlashdagi muhim oʻrni qayd etildi.

    Shuningdek, boʻlajak tadbirlar rejasi, shu jumladan 6-avgust kuni Turkmanistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining Maslahat uchrashuvini oʻtkazish masalasi koʻrib chiqildi.