Tadbirda Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Vladimir Norov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisi Dilorom Fayziyeva, Qirgʻiz Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Asein Isayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy strategik tadqiqotlar instituti direktori Aziz Kanatbek va boshqalar davlatimiz rahbarining mazkur tashrifi qardosh xalqlarimiz munosabatlarida yangi sahifa ochuvchi muhim tarixiy voqea boʻlganini alohida eʼtirof etdi.

Shuningdek, davlat tashrifining tarixiy doʻstona ruhda oʻtgani, samimiy va samarali kelishuvlarga boy boʻlgani Prezidentlarning ikki mamlakat, butun mintaqa xavfsizligi hamda barqarorligi yoʻlidagi koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlash va chuqurlashtirishni maqsad qilgan kuchli siyosiy irodasini namoyish etgani qayd etildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi – keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiquvchi deklaratsiyaning imzolanishi ushbu tashrifning muhim natijalaridan biri boʻldi. Shuningdek, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi hamkorlikning qator yoʻnalishlarini qamrab olgan ikki tomonlama shartnomalar toʻplami imzolandi.

Prezidentimizning davlat tashrifi mobaynidagi muloqotlar chogʻida iqtisodiyot, transport logistikasi, suv resurslari va boshqa sohalarda yaqin hamkorlik bilan birga mintaqaviy tuzilmalar va xalqaro muloqot maydonlari doirasidagi birdamlik, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlik, zamonaviy xatar va tahdidlarga samarali qarshi kurashish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.

Oliy darajadagi muloqotlar tizimli va faol tus olgani hamkorlikni salmoqli darajada mustahkamlash, yangi oʻsish nuqtalarini aniqlash va amaliy sheriklikni kengaytirishga xizmat qilmoqda. Bishkek muzokaralari davlatlarimiz ikki va koʻp tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, ularni sifat jihatidan toʻldirish va mazmunan boyitishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Oʻzbekiston – Qirgʻiziston oʻrtasidagi serqirra rishtalarning mustahkam poydevori va asosiy tamoyillarini umumiy tarix, koʻp asrlik oʻzaro hurmat va yaxshi qoʻshnichilik anʼanalari birlashtirib turadi. Ikki davlatning zamonaviy aloqalari qisqa davr ichida sezilarli darajada mustahkamlandi va kengaydi. Oliy va yuqori darajalardagi, shu jumladan, yirik xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar — BMT, MDH, SHHT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasidagi muntazam uchrashuvlar hamkorlik yuqori darajada ekanining yaqqol tasdigʻidir.

2022-yili Oʻzbekiston Prezidentining Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvida ishtiroki doirasida Qirgʻizistonga, Qirgʻiziston Prezidentining Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari doirasida Oʻzbekistonga amaliy tashriflari boʻlib oʻtdi. Bundan tashqari, mamlakatimiz delegatsiyalarining Qirgʻizistonga qator yuqori darajadagi tashriflari amalga oshirildi. Oʻzbekiston va Qirgʻiziston yetakchilarining siyosiy irodasi hamda ikki tomonlama hukumatlararo komissiyaning saʼy-harakatlari samarasida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi davlat chegarasini delimitatsiya qilish boʻyicha eng murakkab masalalar hal etildi. Hamkorlikdagi harakatlar tufayli mamlakatlarimiz oʻrtasida tovar aylanishida barqaror oʻsish kuzatilmoqda. Soʻnggi 6 yil mobaynida oʻzaro tovar aylanmasi hajmi 7 barobardan koʻp oʻsib, 2022-yili 1,26 milliard dollarga yetdi. Sanoat va investitsiya kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlik ravnaq topmoqda.

Mamlakatlarimiz oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlik ham faol rivojlanmoqda. Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda turizm sohasida ulkan salohiyatga ega. Prezidentimiz tashabbusi bilan turizm infratuzilmasi tubdan yangilanib, sohaga davlat tomonidan koʻmak berilayotgani Qirgʻiziston ekspertlari tomonidan alohida taʼkidlandi.

Maʼlumotlarga koʻra, 2022-yilda Oʻzbekistonga Qirgʻizistondan 1 million 300 mingdan ortiq, oʻz navbatida, Qirgʻizistonga qariyb 2,5 million fuqaro tashrif buyurgan.

Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston yetakchilarining oliy darajali muzokaralari yakunlari boʻyicha imzolangan hujjatlar ikki tomonlama hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishlarini ochib berishga hamda oʻzbek-qirgʻiz strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada faol rivojlantirish nafaqat qardosh mamlakatlarning iqtisodiy ravnaqiga, balki butun mintaqa taraqqiyotiga xizmat qiladi.