Maʼlumki, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) institutining murojaatlar bilan ishlash va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilishga oid faoliyatiga ilgʻor xorijiy tajribalarni tatbiq etish - ish samaradorligini oshirishdagi muhim omil sanaladi. Shu nuqtayi nazardan Ombudsman Kotibiyati xodimlari malakasini doimiy ravishda oshirib borish, xususan, ish faoliyatiga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, inson huquqlari sohasidagi soʻngi tadqiqot ishlari bilan tanishish maqsadida qator seminar treninglar tashkil etib kelinmoqda.

Shu kabi seminarlarning navbatdagisi Qozogʻiston Respublikasining Nur-sulton shahrida tashkil etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Qozogʻiston Respublikasi Inson huquqlari boʻyicha vakili hamda F.Ebert nomidagi jamgʻarma bilan hamkorlikda oʻtkazilgan mazkur oʻquv mashgʻulotlari “Qiynoq holatlarini samarali tekshirish va hujjatlashtirish. Istanbul protokoli” va “Sud jarayonlarini monitoring qilish” mavzulariga bagʻishlandi.

Ushbu seminarda Ombudsman Kotibiyati mutaxassislari bilan birgalikda Qozogʻiston Respublikasi Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), «Kadіr-qasiyet» jamoat birlashmasi xodimlari, Qozogʻistondagi sudya, prokuror, advokatlar, sudmedekspert xodimlari hamda qator fuqarolik jamiyati faollari ishtirok etishdi.

BMTning Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyasining 13-moddasida “Har bir ishtirokchi davlat uning huquqiy tobeligida boʻlgan istalgan hududda qiynoq qoʻllanildi deb tasdiqlaydigan har bir shaxsga shu davlatning vakolatli hukumatlariga shikoyat qilish huquqini hamda ular tomonidan bunday jinoyat tez va xolis koʻrib chiqilishini taʼminlaydi. Daʼvogar va guvohlarni har qanday shakllardagi uning shikoyati yoki har qanday guvohlik koʻrsatmalari munosabati bilan qoʻrqitishdan himoya qilishni taʼminlash choralari koʻriladi.”- deb qayd etilgan. Ushbu konvensiyani ratifikatsiya qilgan har bir davlat undagi normalarni amalda ishlashi uchun masʼul sanaladi.

Shu oʻrinda qayd etish lozimki, Qiynoqlarni oldini olish boʻyicha joriy etilgan Milliy preventiv mexanizm doirasida penitsiar, yaʼni yopiq muassasalarga oʻtkaziladigan monitoringlar orqali qiynoq holatlari yuzasidan kelib tushgan murojaatlar boʻyicha tekshiruvlar oʻtkazish, inson qadr-qimmatini poymol etuvchi sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish mumkin. Seminar davomida ishtirokchilarga ushbu jarayonlarda jismoniy va psixologik qiynoqni qoʻllash usullari va ularni tibbiy jihatdan hujjatlashtirish, qiynoq holatlarini aniqlashda fuqarolik jamiyati faollarining ishtiroki, mahkumlar bilan suhbatlar oʻtkazish tartiblari, Istanbul protokoli mezonlari boʻyicha xulosalarni shakllantirish xususiyatlari haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, BMTning Qiynoqlarga qarshi kurashish qoʻmitasiga tayyorlangan Qozogʻiston Respublikasi hukumatining davriy hisoboti bilan tanishtirildi.

Ushbu hisobotda keltirilishicha, Qozogʻiston Respublikasining har bir jazoni ijro etish muassasasida mahkumlarga nisbatan qoʻllanilgan qiynoq bilan bogʻliq boʻlgan holatlarga tezkorlik bilan munosabat bildirish hamda ularning murojaat etish huquqini taʼminlash maqsadida Ombudsman maʼmuriyatiga integrallashtirilgan elektron Ombudsman qutilari joriy qilingan. Bu esa ortiqcha vaqt sarfini oldini olib, murojaatlarni tezda nazoratga olish imkoniyatini kengaytirmoqda.

Maʼlumot oʻrnida qayd etish lozimki, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) qutilari respublikamizdagi barcha jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalariga joylashtirilgan. Mahkum va mahbuslar murojaat tashlashi uchun qulay joylarga oʻrnatilgan ushbu qutilarni faqatgina Ombudsman vakili ochish huquqiga ega. Ombudsman qutilariga tashlangan arizalar har ikki haftada koʻrib chiqish uchun olib ketiladi.

Qozogʻiston poytaxtida oʻtkazilgan keyingi seminarda ishtirokchilar sud jarayonlarida monitoring olib borish tartibi, Qozogʻiston Respublikasi sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlar, sudlarda ishlarni koʻrib chiqish bosqichlari bilan tanishdi, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.