Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlar kun tartibi va Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Jahon iqtisodiyotidagi inqirozli hodisalarning salbiy oqibatlarini kamaytirish maqsadida yaqindan hamkorlikni davom ettirish va sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ikki tomonlama savdo hajmining o‘sish sur’atini ta’minlash, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va to‘qimachilik tarmoqlari, transport va logistika sohalarida yirik kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish uchun qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuv dasturi doirasidagi qo‘shma tadbirlarni faol o‘tkazish muhimligi qayd etildi.
Muloqot yakunida davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan bahoriy ayyom – Navro‘z munosabati bilan bir-birini chin dildan qutlab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Suhbat har doimgidek ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.