“Kazinform” xalqaro axborot agentligi tarqatgan maʼlumotga koʻra, Qozogʻiston Suv xoʻjaligi va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov Oʻzbekiston suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamroyev bilan uchrashdi. Tomonlar ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi.
Qayd etilishicha, vazirlar oʻlchash stansiyalarini avtomatlashtirish va Sirdaryodagi suv hisobini raqamlashtirish masalalari xususida fikr almashdilar. Bugungi kunda Qozogʻiston va Oʻzbekiston 10 ta punkt boʻyicha kelishib olgan, ularda zamonaviy suv hisoblagichlarini oʻrnatish rejalashtirilgan.
Tomonlar, shuningdek, Norin-Sirdaryo kaskadi suv omborlarining kelasi yilgi sugʻorishdan oldingi mavsumi uchun ishlash rejimlarini ham koʻrib chiqdilar.
Taʼkidlanishicha, Markaziy Osiyo davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyasining navbatdagi yigʻilishida suv omborlarini ishga tushirish boʻyicha prognoz jadvali tuziladi va suv taʼminoti hajmlari tasdiqlanadi.
Bundan tashqari, tomonlar suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha Mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish muhimligini qayd etgan.