Oʻzbekiston va Rossiya energetika vazirlari hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar

    Xalqaro hamkorlik 3 Iyun 2021 1058

    Joriy yil 3-iyunda Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Oʻzbekiston Energetika vaziri Alisher Sultanov Rossiya Energetika vaziri Nikolay Shulginov bilan energetika sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

    Uchrashuv davomida energetika rahbarlari ikki tomonlama va koʻp tomonlama formatdagi oʻzaro aloqalarni rivojlantirishga, shuningdek, Rossiya kompaniyalarining Oʻzbekistondagi energetik loyihalarining joriy va istiqbollari xususida toʻxtalib oʻtdilar deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

    “Oʻzbekiston tom maʼnoda Rossiyaning energetika sohasidagi uzoq muddatli hamkoridir, mamlakatlar oʻrtasida ikki tomonlama va koʻp tomonlama shakllarda yaqin va barqaror aloqalar rivojlangan. Rossiya va Oʻzbekiston kompaniyalari oʻrtasida gaz, neft va energetika sohalarida faol ishlar olib borilmoqda. Bizning kompaniyalarimiz, Gazprom va uning shoʻba korxonalari, LUKOYL Oʻzbekistondagi neft va gaz konlarini oʻzlashtirish boʻyicha uzoq muddatli muvaffaqiyatli hamkorlik aloqalariga ega va bu borada transchegaraviy energiya taʼminoti oʻsib bormoqda”, — dedi Nikolay Shulginov.

    Bundan tashqari, Rossiya kompaniyalari elektr energetika sohasidagi qator loyihalarni, xususan, respublika hududida gidroelektr stansiyalarni qurish boʻyicha loyihalarni nazorat qilib, faol hamkorlik qilmoqda, — deya taʼkidladi Rossiya Energetika vaziri.

    “Oʻtgan yili hukumatlararo komissiya doirasida Energetika boʻyicha kichik komissiya tashkil etildi. Kichik komissiyaning vazifasi Rossiya va Oʻzbekiston korxonalari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan”, — dedi Nikolay Shulginov.

    “Rossiya Oʻzbekistonning energetika sohasidagi eng ishonchli hamkorlaridan biridir. Rossiya bilan hamkorlik asosida uglevodorodlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish boʻyicha keng koʻlamli dastur amalga oshirilmoqda. Bunda Rossiya tomonidan “VEB.RF” va “Gazprombank” AJ bevosita ishtirok etmoqda. Rossiyaning “IKS Xolding” kompaniyasi koʻmagi bilan energetika sanoatini raqamlashtirish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda va amalga oshiriladi. Gazprombank neft va gaz sanoatidagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda katta yordam beradi. “Zarubejneft”, “FORUS” AJ, “Tatneft” va boshqa Rossiyaning nufuzli kompaniyalari bizning energetik hamkorligimizga oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshmoqda.

    Oʻzbekiston — Rossiya hamkorligi jarayonida haqiqatan ham ilgʻor texnologiyalar tugʻilayotgani va qoʻllanilayotgani quvonarlidir. Bizning hamkorligimizning alohida qismi kadrlar tayyorlash boʻyicha sheriklik hisoblanadi. Oʻzbekiston yoqilgʻi-energetika kompleksining kelajakdagi mutaxassislari Rossiyaning Toshkentda ochilgan uchta universiteti filiallarida malaka oshirmoqda. Oldinda mamlakatlarimizning energetik rivojlanishini aniqlaydigan yana-da koʻproq qoʻshma loyihalar borligiga aminman”, — dedi Alisher Sultanov.