Oʻzbekiston – Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻtgan yil yakunlariga koʻra, tovar ayirboshlash hajmi 10 foizga oʻsib, 13 milliard dollarga yetdi, joriy yil boshidan esa yana 32 foizga koʻpaydi.
Sanoat, energetika, transport va iqtisodiyotning boshqa ustuvor tarmoqlarida yirik kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish davom etmoqda.
Oʻzbekistonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish loyihasini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyaning samarali faoliyatiga yuksak baho berildi.
Tomonlar kooperatsiyaning yangi shakl va loyihalarini ilgari surish uchun samarali maydonga aylangan “INNOPROM Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat koʻrgazmasining navbatdagisini joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida oʻtkazishga faol tayyorgarlik koʻrayotgani taʼkidlandi.
Xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shu jumladan, Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo va Ukrainadagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.
Boʻlajak tadbirlar rejasi ham muhokama qilindi.