Oʻzbekiston va Rossiya yetakchilari ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlik masalalarini muhokama qildilar

    Hukumat 24 Iyul 2021 2099

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

    Suhbat avvalida Rossiya Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud ayyomi bilan dildan muborakbod etib, Oʻzbekiston xalqiga tinchlik, farovonlik va bardavom ravnaq tiladi.

    Oʻzbekiston-Rossiya strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlarining dolzarb masalalari koʻrib chiqildi. Oliy darajadagi tadbirlar rejasi muhokama qilindi.

    Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik jadal surʼatlar bilan rivojlanayotgani, eng avvalo, oʻzaro tovar ayirboshlash barqaror ortib borayotgani, iqtisodiyot tarmoqlarida qoʻshma kooperatsiya loyihalari va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi vaksinalar ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma quvvatlarni tez fursatda ishga tushirish muhim ekani taʼkidlandi.

    Yetakchilar mintaqa kun tartibi, shu jumladan Afgʻoniston boʻyicha yuzaga kelayotgan vaziyat xususida fikr almashdilar.