Oʻzbekiston va Rossiya yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar

    Hukumat 7 May 2021 5509

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-may kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

    Suhbat avvalida davlat rahbarlari fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaning 76 yilligi munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, ezgu tilaklarini izhor qildilar.

    Yelkama-yelka turib birga qahramonona jang olib borgan va front ortida fidokorona mehnat qilgan xalqlarimizning buyuk jasorati minnatdor avlodlar yodida abadiy saqlanib qolishi alohida taʼkidlandi.

    Oʻzbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yana-da mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

    Koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq murakkab sharoitda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Barcha darajada faol muloqotlar davom ettirilmoqda, Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida Oʻzbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarida yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida ilk bor Rossiyadan tashqarida keng miqyosda tashkil etilgan Xalqaro “Innoprom” koʻrgazmasi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

    Oʻzaro savdoni koʻpaytirish boʻyicha birgalikda qoʻshimcha choralar koʻrish zarurligi alohida taʼkidlandi.

    Parlamentlararo almushinuvlar kengaymoqda, taʼlim va madaniy-gumanitar almashinuv boʻyicha muhim dasturlar amalga oshirilmoqda.

    Muloqotda Prezidentlar xalqaro kun tartibi hamda mintaqaviy hamkorlik, shu jumladan MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi sheriklikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

    Boʻlajak tadbirlar rejasi ham koʻrib chiqildi. Oliy darajada oʻtkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvlarning kun tartibini tayyorlashni faol davom ettirishga kelishib olindi.

    Telefon orqali muloqot har doimgidek samimiy, doʻstona va ishchan ruhda oʻtdi.