Uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat, madaniy-gumanitar hamkorlikning muhim masalalari yuzasidan fikr almashildi. Ikki tomonlama munosabatlar rivojlanishining yuqori dinamikasi va ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklik izchil mustahkamlanayotganligi taʼkidlandi.
Uchrashuv davomida pandemiya va koviddan keyingi davrda ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarning intensivligi qayd etildi. Jumladan, Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi, videokonferensiya shaklida ikki tomonlama muzokaralar hamda turli darajadagi bir qator oʻzaro tashriflar tashkil etilgan.
Uchrashuv chogʻida savdo – iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi hamkorlikni kengaytirish borasida birgalikda olib borilayotgan ishlarning istiqbollari va joriy holati koʻrib chiqildi. Tomonlar yaqin kelajakda ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aylanmasi hajmini 10 milliard dollarga yetkazish maqsadida uni oshirish boʻyicha birgalikda amaliy chora-tadbirlarni koʻrishga sodiqligini bildirdilar. Shu nuqtayi nazardan ikki mamlakat bojxona organlarining ikki davlat hududlari orqali yuk tashishni amalga oshirishda bojxona tartibini soddalashtirishga qaratilgan muvaffaqiyatli hamkorligi qayd etildi.
Investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi – ikki mamlakat hukumatlari tomonidan qoʻshma investitsiya loyihalarining yirik toʻplamini joriy etish ustida ish olib borilyapti. Kelishilgan loyihalarni hayotga tatbiq etishni jadallashtirish maqsadida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari darajasida yaqin hamkorlikni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, oldindan rejalashtirilgan ikki tomonlama tadbirlar, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Hukumatlari rahbarlari darajasidagi Qoʻshma komissiyaning yigʻilishi hamda Toshkent shahrida “Innoprom. Oʻzbekistonda katta sanoat haftaligi” xalqaro sanoat koʻrgazmasini oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar muhokama etildi.
Oʻzbekistonning soliq va kadastr tizimini isloh qilish, shuningdek standartlashtirish sohasida milliy qonunchilikni xalqaro meʼyorlar bilan uygʻunlashtirishga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirish uchun Rossiya Federatsiyasining texnik yordamini jalb etishga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston – Rossiya koʻp qirrali munosabatlarini yana-da chuqurlashtirish va hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga oid qator kelishuvlarga erishildi.