Qayd etilishicha, tomonlar migratsiya sohasidagi amaldagi holat, muammoli jihatlar va ularni hal etish yoʻllarini muhokama qildilar. Yigʻilish ishtirokchilari ikki davlat manfaatlarini hisobga olgan holda migratsiya sohasida qonuniylikni taʼminlashga qaratilgan hamkorlikdagi chora-tadbirlarni ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Ikki davlat Bosh prokuraturalari Oʻzbekiston fuqarolarining Rossiyaga mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida kelishi hamda Rossiya fuqarolarining Oʻzbekistonga kelishlari jarayonida ularning huquqlarga rioya etilishi ustidan nazorat va kuzatuvni kuchaytirish majburiyatini oldilar.
Tadbir yakunida delegatsiyalar rahbarlari mehnat migratsiyasi va migrantlar huquqlarini himoya qilish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston–Rossiya idoralararo ishchi guruhining birinchi majlisida qabul qilingan qarorlar aks etgan bayonnomani imzoladilar.
Imzolangan bayonnoma ijrosi Oʻzbekiston va Rossiya Bosh prokuraturalari tomonidan alohida nazoratga olinadi.