Bunga Toshkentda Rossiya “Pasport-viza xizmati” va Moskvaning “Koʻp tarmoqli migratsiya markazi” filiallari ochilishi tufayli erishiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Rossiya Ichki ishlar vazirligi huzuridagi “Pasport-viza xizmati” hamda Moskva shahrining “Koʻp tarmoqli migratsiya markazi” oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida kelishuvlari imzolandi.

Ushbu hujjatlarni imzolashdan maqsad Rossiya hududida ishlash istagida boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan holda chiqish jarayonlarini soddalashtirishdan iborat.

Oʻzbekiston tomonidan hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari E.Muhitdinov, Rossiya tomonidan “Pasport-viza xizmati” rahbari oʻrinbosari P.Karpoves va “Koʻp tarmoqli migratsiya markazi” bosh direktori S.Baldin imzoladilar.

Taʼkidlash joiz, “Koʻp tarmoqli migratsiya markazi” Moskva va Rossiya boʻylab mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsat olish uchun kompleks xizmatlarni koʻrsatadigan vakolatli tashkilot hisoblanadi.

Ushbu hamkorlik migratsiya jarayonlari, shu jumladan migratsiya markazlari ofislari ochilishini jadallashtirish imkonini beradi. Natijada Oʻzbekiston fuqarolarining Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsat olish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni tayyorlashda vaqti va xarajatlari qisqaradi hamda Rossiyaga joʻnab ketishdan oldin respublika hududida xizmatlarning bir qismidan foydalanish mumkin boʻladi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.