Mazkur konferensiya doirasidagi tadbirlarda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi, Rossiya Federatsiyasi Fan va taʼlim vazirligi, Maorif vazirligi, “Rosobrnadzor” tashkiloti masʼul rahbarlari va 20 dan ortiq oliy taʼlim muassasalari rektorlarining ishtirok etishi koʻzda tutilgan.

Konferensiyada taʼlim sifatini oshirish, ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish va ish beruvchilar ehtiyojlariga muvofiq oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash, Moskva shahrida joriy yil kuzida rejalashtirilgan ikkinchi Taʼlim forumining tashkiliy va mazmuniy masalalari muhokama etilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga yigʻilishda oliy taʼlim muassasalariaro qator hamkorlik shartnomalarini imzolash rejalashtirilgan.

Shuningdek, 27-mayda Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyasi Fan va taʼlim boʻyicha quyi komissiyasining yigʻilishi ham boʻlib oʻtadi.

Unda mehmonlar Toshkent shahridagi “D.I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti” Federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasi filiali binosining tantanali ochilish marosimida ishtirok etadilar, deb xabar beradi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi matbuot xizmati.