Muloqot chogʻida investitsiyalar va sanoat kooperatsiyasi sohasida Oʻzbekiston – Rossiya hamkorligi, qator istiqbolli investitsiyaviy loyihalar ishlab chiqilishi hamda qoʻshma tadbirlarga tayyorgarlikning joriy holati bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.
Suhbat davomida tomonlar farmatsevtika, metallurgiya, mashinasozlik, aviasozlik va iqtisodiyotning boshqa sohalarida istiqbolli loyihalarni shakllantirishga katta eʼtibor qaratdilar. Shu bilan birga, ular kun tartibidagi ikki taraflama masalalarni muhokama qildi hamda ikki mamlakatning tegishli vazirliklari, idoralari va xususiy sektor kompaniyalari darajasida hamkorlikni rivojlantirishga oid navbatdagi tadbirlarni belgilab oldi.
Oʻzbekiston va Rossiya korxonalari oʻrtasida, jumladan, toʻqimachilik sanoati, qishloq xoʻjaligi, logistika va boshqa sohalarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish imkoniyatlari ham koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari va hududiy maʼmuriyatlari delegatsiyalarining Rossiya Federatsiyasi hududlariga rejalashtirilgan tashriflari chogʻida ikki tomonlama yangi investitsiya va savdo bitimlarini birgalikda ishlab chiqishni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi oʻrtasida tashkil etilgan Loyiha ofisi doirasida yangi qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama etildi.
5,8 milliard dollarlik 104 ta loyihani oʻz ichiga olgan Sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlik dasturini hayotga tatbiq etishda birgalikda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi va navbatdagi tadbirlar belgilandi.
Tomonlar, shuningdek, ilgari maʼqullangan Amaliyot va oʻquv dasturi asosida Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligida tarmoqlar sanoatini rivojlantirish sohasi boʻyicha Oʻzbekiston davlat xizmatchilari malaka oshirishlarini jadallashtirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Bundan tashqari, Mintaqalararo hamkorlikning II Forumi, “XXYUK” Butunrossiya koʻrgazma markazi hududidagi 66-pavilyonda Oʻzbekiston Respublikasi koʻrgazma-madaniy markazining ochilishi, Moskva shahrida “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” mahsulotlar Milliy koʻrgazmasi, shuningdek, Media Forumi va Taʼlim Forumi kabi qoʻshma tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar belgilangan muddatlarda aniq natijalarga erishish maqsadida oʻzaro manfaatlar kesishayotgan barcha sohalarda faol va tizimli ish olib borishga sodiqlik bildirdilar.