Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan oʻndan ortiq hujjat imzolandi

    Xalqaro hamkorlik 2 Dekabr 2022 898

    Joriy yil 2-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xoʻjayev Samarqandda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hukumatlari rahbarlari darajasidagi qoʻshma komissiyaning 3-majlisida ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi Mixail Mishustin raisligida oʻtgan yigʻilishda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik va oʻzaro hamkorlik munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.

    Joriy yil 15-sentyabrda Prezidentlar – Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida keng qamrovli strategik sheriklik toʻgʻrisidagi deklaratsiya imzolangani taʼkidlandi.

    Hukumatlar oldiga turli sohalarda amaliy hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish vazifasi qoʻyilgan.

    Majlisda istiqbolli sarmoyaviy loyihalar va savdo shartnomalarining amalga oshirilishini taʼminlash hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish rejalarini kelishib olindi.

    Keyingi besh yilda Oʻzbekistonda Rossiya sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni uch baravar koʻpayib, qariyb uch mingtaga yetdi. Birgina joriy yilda 700 ta korxona tashkil etildi.

    Oʻz navbatida Rossiyada ham oʻzbek kapitali ishtirokida mingga yaqin korxona faoliyat yurityapti.

    Bugungi kunda davlatlarimiz oʻrtasida qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, elektrotexnika va mashinasozlik sohalarida sanoat kooperatsiyasi rivojlanyapti.

    Tomonlar transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligi bildirildi. Joriy yilda yuk tashish hajmi 21 foizga oshgani, bunda tranzit yuk tashishlar salmogʻi 25 foizga koʻpaygani mamnuniyat bilan qayd etildi. Shu bilan birga hududlar orqali tranzit yuk tashishda ishonchli transport-logistika zanjirlarini shakllantirish boʻyicha hamkorlikni davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.

    Taʼlim va ilm-fan, madaniyat sohalaridagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning muhim yoʻnalishlaridan hisoblanadi. Ayni paytda Oʻzbekistonda Rossiyadagi oliy taʼlim muassasalarining 14 ta filiali faoliyat yurityapti, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Majlis yakuniga koʻra, oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan oʻndan ortiq hujjat imzolandi.