Muzokaralar davomida Oʻzbekiston turizm sohasini rivojlantirish, xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimini oshirish, ushbu sohada faoliyat yuritayotgan xususiy tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratish boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

Shuningdek, Rossiya tomoni Oʻzbekistonning madaniy merosi, tarixiy yodgorliklari va noyob tabiiy resurslariga asoslangan turizm mahsulotlari bilan birgalikda, yangi sayyohlik maskanlari va yoʻnalishlari bilan yaqindan tanishtirildi.

Sangadji Tarbayev, oʻz navbatida, Oʻzbekiston hukumati tomonidan turizm sohasida olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berib, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi.

Uchrashuv davomida tomonlar turizm sohasidagi tajribalarni oʻzaro almashish, xususan, mamlakatimizning turizm salohiyatini Rossiyada keng targʻib qilish, turizm xizmatlarini raqamlashtirish, barqaror turizm va mehmonxona biznesini rivojlantirish kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.