Uchrashuv davomida ikki mamlakat oʻrtasida ustuvor yoʻnalishlarda iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirishning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan konstruktiv fikr almashildi.
Aniq investitsiya loyihalari, oʻzaro savdoni oshirish, transport va logistika aloqalarini mustahkamlash hamda bank-moliya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha takliflar atroflicha koʻrib chiqildi.
Yangi va eng salohiyatli tashabbuslar, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi oʻrtasida tashkil etilgan Loyiha ofisi tomonidan ishlab chiqilgan takliflar koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston-Rossiya savdo aylanmasini oshirish uchun ulkan imkoniyatlar borligini qayd etib, tomonlar barcha mavjud toʻsiqlarni chuqur va har tomonlama oʻrganishga hamda ularni bartaraf etish mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishib oldilar. Bunda texnik qoida va standartlar, sanitariya va fitosanitariya standartlari uygʻunlashtiriladi, shuningdek, bojxona tartibotlari raqamlashtiriladi.
Oʻzaro yuk tashish hajmini oshirish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, jumladan, mavjud boʻlgan transport yoʻlaklaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda ikki davlatni bogʻlovchi yangi yoʻlaklarni yaratish boʻyicha hamkorlikni davom ettirish shakllari belgilab olindi.
Tomonlar yangi “2022-2026-yillar uchun savdo — iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlik dasturi”ni qisqa muddatlarda maromiga yetkazish va kelishish boʻyicha yakdil fikr bildirdilar. Ushbu Dastur aniq chora-tadbirlar, mexanizmlar, muddatlar va masʼul idoralarni oʻzida mujassam etgan Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishni belgilovchi yagona strategik hujjat boʻladi va uni amalga oshirish uchun “Yoʻl xaritasi” bir vaqtning oʻzida ishlab chiqiladi.
Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarini jalb etgan holda munosabatlar asosiy yoʻnalishlari boʻyicha mavjud barcha masalalar ustida ish olib borildi, oʻzaro maqbul yechimlar ishlab chiqildi, qoʻshma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish boʻyicha navbatdagi tadbirlar rejalashtirildi. Uchrashuv yakunida tomonlar koʻrib chiqilgan hamkorlik yoʻnalishlari boʻyicha munosabatlarni faollashtirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.