Oʻzbekiston va Rossiya toʻqimachilik jabhalarini rivojlantirish boʻyicha uch tomonlama bitim imzolandi

    Xalqaro hamkorlik 21 Yanvar 2022 722

    Moskvada “Oʻztoʻqimachisanoat” uyushmasi, Sberbank va “Strategy Partners” (Rossiya) kompaniyasi oʻrtasida uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish va Oʻzbekiston va Rossiya toʻqimachilik tarmoqlari raqobatbardoshligini oshirish boʻyicha uch tomonlama bitim imzolandi.

    Hujjatni imzolash marosimida “Oʻztoʻqimachisanoat” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov, Sberbank boshqaruvi raisining oʻrinbosari Anatoliy Popov va “Strategy Partners” kompaniyasi sherik boshqaruvchisi Valeriy Plotnikov hamda mamlakatimizning Moskvadagi elchixonasi vakillari ishtirok etdi.

    “Oʻztoʻqimachisanoat” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov imzolangan mazkur bitim doirasida Sberbankning zamonaviy moliyaviy imkoniyatlaridan foydalanish Oʻzbekiston va Rossiya toʻqimachilik tarmoqlari oʻrtasidagi kooperatsiya aloqalarini kengaytirish boʻyicha tashlangan salmoqli qadam hisoblanishini qayd etdi.

    Sberbank boshqaruvi raisining oʻrinbosari Anatoliy Popov xom ashyo va tayyor mahsulot yetkazib berish, korxonalar integratsiyasi va qoʻshma loyihalar ishlab chiqish, raqamli transformatsiyani rivojlantirish hamda barqaror rivojlanish tamoyillaridan qoʻllanish sohalaridagi oʻzaro hamkorlik Oʻzbekiston va Rossiya toʻqimachilik sanoatini sifat jihatdan yangi darajaga olib chiqishga koʻmaklashishini aytdi. U ishlab chiqarish zanjirida raqamli texnologiyalar va moliyaviy vositalarni ilgari surish Rossiya va Oʻzbekiston kompaniyalarining iqtisodiy hamkorligiga yangi turtki berishini qayd etdi.

    Imzolangan hujjatga muvofiq, tomonlar moliyalashtirish mexanizmlarini belgilash, investitsiya loyihalari tizimini ishlab chiqish, qoʻshma ishlab chiqarish hamda xom ashyo va tayyor mahsulot yetkazib berish shakllarini yaratish borasida oʻzaro hamkorlik qilishni rejalashtiryapti, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.