Oʻzbekiston va SAP savdo va investitsiyalar sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqchi

    Investitsiyalar 17 Avgust 2022 1237

    Joriy yil 16-avgustda Davlatimiz rahbarining Saudiya Arabistoni Podshohligiga tashrifi arafasida Jidda shahrida Bosh vazir oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayevning SAP savdo vaziri Majid bin Abdulla al-Kasabi bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Suhbat davomida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish boʻyicha istiqbolli chora-tadbirlar, investitsiyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yoʻllari, shuningdek, Oʻzbekiston Rahbarining Saudiya Arabistoniga ertaga boʻladigan tashrifining iqtisodiy kun tartibi muhokama etildi.

    Joriy yil boshidan buyon, asosan, toʻqimachilik mahsulotlari, meva-sabzavot, plastmassa va metall mahsulotlarini faol oʻzaro yetkazib berish hisobiga ikki tomonlama savdo hajmining 13 barobar oʻsishi qayd etildi. Tomonlar yetkazib berish hajmini oshirishdan ham, joʻnatilayotgan tovarlar nomenklaturasini kengaytirishdan ham oʻzaro manfaatdorligini bildirdilar.

    Uchrashuv yakunida oʻzaro manfaatli barcha masalalar boʻyicha yakdil pozitsiya ishlab chiqildi. Kutilayotgan oliy darajadagi tashrif Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi ikki tomonlama keng koʻlamli munosabatlarni amaliy mazmun bilan boyitishiga hamda ishbilarmonlik aloqalari rivojlanishiga yangi turtki berishiga ishonch bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.