Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi investitsiyaviy hamkorlik yangi bosqichda davom etadi

    Investitsiyalar 19 Aprel 2022 1203

    Ar-Riyod shahrida Bosh vazir oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildi.

    Hozirgi kunda Oʻzbekistonda Saudiya Arabistoni kapitali ishtirokidagi 40 ga yaqin korxona faoliyat koʻrsatyapti. Saudiya Arabistonining “ACWA Power”, “Al-Habib Medical Group” va boshqa yetakchi kompaniyalari bilan loyihalar muvaffaqiyatli hayotga tatbiq etildi va amalga oshirishda davom etmoqda. Shu bilan birga, investitsiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun foydalanilmagan imkoniyatlarni hisobga olgan holda, tomonlar kimyo, metallurgiya, togʻ — kon va toʻqimachilik sanoati, shuningdek, qishloq xoʻjaligi kabi sohalarda yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar va ushbu loyihalarda ishtirok etish uchun Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralari vakillarini jalb qilish yuzasidan birgalikda ishlashga kelishib oldilar.

    Saudiya Arabistoni kompaniyalarining Oʻzbekiston energetika sohasidagi muvaffaqiyatini yuksaltirish borasida navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi. Uchrashuv ishtirokchilari amalga oshirilayotgan loyihalarning hozirgi holatini tahlil qilib, ularni qisqa vaqda yakunlash va qurilayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish boʻyicha takliflar almashdilar.

    Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan loyihalarga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar qishloq xoʻjaligi va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarida innovatsion va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishni nazarda tutuvchi alohida investitsiya portfelini shakllantirishga kelishib oldilar. Shuningdek, toʻqimachilik sanoatidagi hamkorlik muhokama qilindi.

    Suhbat chogʻida joriy yil mart oyida Toshkentda boʻlib oʻtgan Savdo, iqtisodiyot, fan va texnologiyalar, madaniyat, sport va yoshlar sohasida kelishuvni nazorat qilish boʻyicha hukumatlararo komissiyaning 5-yigʻilishi hamda Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashining 3-yigʻilishida erishilgan kelishuvlar ijrosi ham koʻrib chiqildi. Shuningdek, kelishilgan loyiha va tashabbuslarni yanada faol ilgari surish yuzasidan bir qator masalalar ustida ish olib borildi.

    Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni investitsiyaviy sherikligini yanada kengaytirishni nazarda tutgan holda 2021-yilda Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda tashkil qilingan Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamgʻarmasi hamda bugungi kungacha Oʻzbekistonda ijtimoiy va infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirish uchun qariyb 200 million dollar ajratgan Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi imkoniyatlari qayd etildi. Tomonlar yuqorida qayd etilgan moliya institutlarining resurslarini jalb etgan holda yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ustida ish olib borishga kelishib oldilar.

    Uchrashuv yakunida ikki mamlakat oʻrtasida oʻzaro manfaatlar kesishuvining yangi nuqtalarini kashf etishga hamda oʻzaro manfaatli investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan keyingi qoʻshma harakatlar belgilandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.