Tadbirda parlament aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Xitoyning yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik boʻyicha qoʻmitasi, SHHTga aʼzo davlatlarning Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik missiyalari, ilmiy-ekspert doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Nisbatan qisqa davr ichida Yevro Osiyodagi eng nufuzli siyosiy tuzilmalardan biriga aylanib ulgurgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga bu yil 20 yil toʻldi.

Oʻtgan davr mobaynida SHHT xavfsizlik masalalari, xususan terrorizm, ekstremizm, ayirmachilik va narkotrafikka qarshi kurashda amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, toʻlaqonli mintaqaviy tashkilotga aylanishga muvaffaq boʻldi.

Tadbirning asosiy maqsadi tashkilotni rivojlantirish va uning mintaqadagi rolini mustahkamlash, SHHT doirasidagi hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan faol foydalanish orqali xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va doʻstlikni mustahkamlash va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qaratildi.

Tadbir ishtirokchilari parlamentlararo, mintaqaviy va millatlararo munosabatlar, yoshlar tashkilotlari faoliyati, madaniy diplomatiya, taʼlim va boshqa turli sohalardagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish masalalarini muhokama qildilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Ravshan Alimov oʻz nutqida, zamonaviy dunyo voqeligi xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish va integratsiya jarayonlarini qayta yaratish zarurligini va SHHT mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda fuqarolik jamiyati institutlarining muhim oʻrni va ahamiyatining yuqori ekanligini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Respublikasining SHHT masalalari boʻyicha Milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov Oʻzbekistonning SHHT doirasida koʻzlagan asosiy maqsadi bu barcha aʼzo davlatlar hayotiy manfaatlariga javob beradigan istiqbolli yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni oshirishdan iborat ekanligini aytib oʻtdi.

Oʻzbekistondagi SHHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Q.Sobirov tuzilma faoliyatining gumanitar yoʻnalishi turli xalqlar, madaniy anʼanalar va diniy eʼtiqod egalarini bir platformada birlashtirish, shuningdek, taʼlim, madaniyat va boshqa sohalarda samarali hamkorlik qilishga imkon beruvchi noyob vosita ekanligiga alohida eʼtibor qaratdi.

Davra suhbati davomida xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash masalalari, SHHT davlatlari oʻrtasida xalq diplomatiyasi mexanizmlarini faollashtirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, davra suhbati ishtirokchilari tomonidan madaniy-gumanitar aloqalar sohasida almashuv va hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.

Ochiq muloqot va oʻzaro fikr almashish shaklida oʻtgan tadbir yakunlari boʻyicha ishtirokchilar SHHT doirasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va transport – logistika sohalarida qabul qilingan dolzarb loyihalarni amalga oshirishning muhim omili sifatida mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash naqadar muhim ekanligi haqida yakdil fikr bildirdilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

2022-yilda Oʻzbekistonda SHHT davlat rahbarlari sammiti boʻlib oʻtadi. Samarqand shahri muzokaralar platformasiga aylanadi. Ushbu muhim tadbirga tayyorgarlik ishlari jadal surʼatlarda olib borilmoqda.