“Dunyo“ AAning xabar berishicha, IV Xalqaro farmatsevtika forumi doirasida gibrid formatda oʻtkazilgan tadbir Oʻzbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi va Toshkentdagi Shvetsiya Savdo va investitsiyalar kengashi (“Business Sweden”) hamkorligida tashkil etildi.
Unda ikki mamlakatning yetakchi ekspert va mutaxassislari, jumladan, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Oʻzfarmsanoat“ uyushmasi, Karolina instituti, Shvetsiya dori-darmon agentligi, “AstraZeneca”, “Vision Zero Cancer” va boshqa kompaniyalar mutasaddilari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov anjuman ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi.
Tadbir doirasida ikki mamlakat sogʻliqni saqlash va farmatsevtika tizimlarini rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlar boʻyicha taqdimot oʻtkazildi.
Muhokamalarda onkologiya va farmatsevtika sohasidagi hamkorlik istiqbollari, yangi loyihalarni ishlab chiqish, tajriba almashish va qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi. Shuningdek, erta tashxis qoʻyish, davolashning innovatsion usullarini joriy etish, skrining tizimini rivojlantirish va onkologik yordam sifatini oshirish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Tashkilotchilarga koʻra, mazkur davra suhbati tibbiyot sohasida Oʻzbekiston-Shvetsiya hamkorligini mustahkamlash va onkologik kasalliklarga chalingan bemorlar uchun tibbiy yordam koʻrsatish sifatini yaxshilash yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.









