Qayd etilishicha, bitim doirasida taxminan 182 mln dollar miqdoridagi mablagʻlar Oʻzbekistonga qaytarilishi belgilangan. Mazkur mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi ayrim fuqarolari tomonidan noqonuniy orttirilgan boʻlib, 2012-yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan G.Karimovaga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ish yurituvi doirasida toʻlaqonli musodara qilingan edi.
Mablagʻlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Uzbekistan Vision 2030 Fondi“ Koʻp sheriklik trast Jamgʻarmasi orqali qaytariladi.
Taʼkidlash lozimki, muqaddam 2022-yil 16-avgustda Shveysariyaning Bern shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi oʻrtasidagi “Shveysariya Konfederatsiyasi hududida musodara qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni Oʻzbekiston Respublikasi aholisining manfaatlari yoʻlida qaytarish usullari toʻgʻrisidagi bitim“ imzolangan. Ushbu bitim noqonuniy orttirilgan aktivlarni BMTning “Uzbekistan Vision 2030 Fondi“ deb nomlangan Koʻp sheriklik trast Jamgʻarmasi orqali Oʻzbekistonga qaytarish mexanizmi hamda asosiy tamoyillar va maqsadlarni belgilaydi.









