Prezidentimiz Davos shahrida oʻtkazilgan xalqaro muloqot doirasida Tinchlik kengashi tashabbusini qoʻllab-quvvatladi. Bu qadam mamlakatimizning tinchlikparvar va ochiq tashqi siyosatining mantiqiy davomidir.

Oʻzbekiston har doim urush emas, muloqot tarafdori boʻlib kelgan. Yurtimiz mojarolarni diplomatik yoʻl bilan hal etish, davlatlar oʻrtasida ishonchni mus­tahkamlash tarafdori sifatida xalqaro maydonda eʼtirof etilgan. Tinchlik kengashiga qoʻshilish aynan shu prinsiplarga toʻliq mos keladi. Bu harbiy yoki majburiy tuzilma emas, balki tinchlik, kelishuv va hamkorlikka xizmat qiladigan xalqaro platformadir.

AQSH Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Tinchlik kengashining asosiy maqsadi mojaroli hududlarda barqarorlikni taʼminlash, tinchlik va qonuniy boshqaruvni mustahkamlashdir.

Bu kengash BMT bilan hamkorlikda ishlaydi, ammo uning vazifasi asosan maslahatchi, diplomatik va barqarorlikni qoʻllab-quvvatlovchi mexanizm sifatida belgilangan.

Kengashning nizomi mojaroli mintaqalarda faoliyat yuritish, ishonch muhitini yaratish va xalqaro hamkorlik orqali tinchlikni taʼminlashni nazarda tutadi. Shuningdek, u xalqaro jamoatchilik uchun investitsiya va iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlarini ham kengaytirishga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston Tinchlik kengashiga taʼsischi davlat sifatida qoʻshilishi bilan xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlaydi. Bu qadam nafaqat mamlakatimizning dip­lomatik pozitsiyasini kuchaytiradi, balki global tinchlik va barqarorlikka hissa qoʻshish imkonini ham beradi.

Bugungi kunda dunyo miqyosida tinchlik va xavfsizlik masalalari strategik ahamiyatga ega. Oʻzbekistonning ushbu kengashga qoʻshilishi yurtimiz uchun bir qator afzalliklarni taqdim etadi.

Birinchisi, xalqaro nufuz va ishonch: Oʻzbekiston masʼuliyatli va tinchlikparvar davlat sifatida eʼtirof etildi. Bu xalqaro hamkorlik va muloqotda ishonchli sherik sifatida qabul qilinishiga olib keladi.

Ikkinchisi, iqtisodiy va investitsiya imkoniyatlari: Tinchlik kengashi doirasidagi loyihalar mamlakatimiz uchun iqtisodiy hamkorlik va investitsiya muhitini yanada mustahkamlaydi. Barqarorlik va xavfsizlik ichki ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishga ham ijobiy taʼsir qiladi.

Uchinchisi, global va mintaqaviy hamkorlik: Oʻzbekiston mintaqaviy va global masalalarda oʻz tajribasini ilgari surishi, Afgʻoniston masalasidagi konstruktiv pozitsiyasi va Markaziy Osiyoda ishonch muhitini mustahkamlash boʻyicha faoliyat orqali yanada keng xalqaro hamkorlik qilish imkoniyatiga ega boʻladi.

Toʻrtinchisi, milliy manfaatlarni taʼminlash: Tinchlik kengashi faqat xalqaro vazifalar bilan cheklanmay, Oʻzbekistonning milliy manfaatlarini ham himoya qiladi. Mamlakat mustaqil tashqi siyosat yuritish, harbiy bloklarga qoʻshilmaslik va tinchlik yoʻlidan borish prinsiplarini saqlaydi.

Tinchlik kengashi Oʻzbekiston uchun nafaqat diplomatik va siyosiy ahamiyatga ega, balki u xalqaro miqyosdagi barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan amaliyot maydoni hamdir. Ushbu kengash orqali Oʻzbekiston:

— mojaroli hududlarda barqarorlikni taʼminlashda faol ishtirok etish;

— global tinchlik tashabbuslarini ilgari surish;

— iqtisodiy va gumanitar hamkorlikda yangi imkoniyatlar yaratish;

— mintaqaviy va global taʼsirni kuchaytirish imkoniga ega boʻladi.

Shu bilan birga, kengash BMT va boshqa xalqaro institutlar bilan hamkorlikda faoliyat yuritishi orqali Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi roli va nufuzini yanada oshiradi.

Tinchlik kengashiga qoʻshilish Oʻzbekis­ton uchun strategik va tarixiy ahamiyatga ega qadamdir. Bu qadam mamlakatimizning global tinchlik va barqarorlikka hissa qoʻshish imkoniyatlarini kengaytiradi, milliy manfaatlarni himoya qilish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash uchun barqaror platforma yaratadi.

Oʻzbekistonning Afgʻoniston masalasidagi konstruktiv pozitsiyasi, Markaziy Osiyo­da ishonch muhitini yaratish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari xalqaro maydonda yuqori baholanmoqda. Bu tajriba Tinchlik kengashi doirasida ham mamlakatimiz faol ishtirok etishi uchun muhim asos boʻlib xizmat qiladi.

Ishonch bilan aytish mumkinki, bu qaror qisqa muddatli siyosiy manfaatlar uchun emas, balki kelajak avlodlar uchun tinch, barqaror va rivojlangan Oʻzbekis­tonni barpo etishga qaratilgan. Biz tinch­likka hissa qoʻshish orqali oʻz milliy manfaatlarimizni ham mustahkamlaymiz.

Yuritilayotgan oqilona va strategik tashqi siyosat nafaqat mamlakatimiz uchun samarali, balki xalqaro hamjamiyatda ­Oʻzbekistonning maqomi va taʼsirini ham oshiradi. Oʻzbekiston tanlagan yoʻl muloqot, hamkorlik va tinchlik yoʻlidir. Bu yoʻl nafaqat milliy rivojlanish, balki dunyoning barqaror va xavfsiz global tizimiga ham hissa qoʻshish imkoniyatini taqdim etadi.

Shuningdek, ushbu tashqi siyosat Oʻzbekis­ton uchun xalqaro investitsiyalar, gumanitar va iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish, mintaqaviy hamda global taʼsirini mustahkamlash uchun barqaror zamin yaratadi.

Shveysariyaga tashrif bilan bogʻliq yana bir jihatga toʻxtalish lozim. Davlatimiz rahbari Tinchlik kengashi nizomini imzolash marosimi doirasida qator davlatlar yetakchilari, yirik xalqaro moliyaviy tashkilot va kompaniyalar rahbarlari bilan qilgan samarali muloqoti ham yuqoridagi fikrlarimizni tasdiqlagan holda Oʻzbekis­tonning tinch va barqaror taraqqiyoti uchun zamin hozirlaydi.

Qobiljon TURSUNOV,

Senator