Oʻzbekiston va Tojikiston yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar

    Hukumat 24 Iyul 2021 2947

    24-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

    Suhbat avvalida Tojikiston Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan tabriklab, Oʻzbekistonning koʻp millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

    Joriy yilning 10-11-iyun kunlari Tojikiston Respublikasiga rasmiy tashrif yakunlari boʻyicha qabul qilingan bitim va kelishuvlarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

    Mintaqa kun tartibi, shu jumladan Afgʻonistondagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan fikr almashildi.

    Oʻtgan haftada Toshkentda oʻtgan Markaziy va Janubiy Osiyo bogʻliqligi boʻyicha xalqaro konferensiyaning muvaffaqiyatli natijalari yuksak baholandi.

    Kelgusi oyning boshida Turkmanistonda mintaqa davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvini hamda joriy yilning sentyabr oyida Tojikistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitini oʻtkazishga tayyorgarlik masalasi muhokama qilindi.