O'zbekiston va Tojikiston kriket federatsiyalari memorandum imzoladi

    O'zbekiston kriket federatsiyasi kriket sport turini keng ko'lamda rivojlantirish borasidagi ishlarni jadal davom ettirmoqda.

    Yaqinda Tojikiston kriket federatsiyasi raisi Najibullohi Ro'zi boshchiligidagi delegatsiya Toshkentga keldi.

    Mehmonlar dastlab O'zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliyev hamrohligida O'KF tomonidan bunyod etilayotgan kriket stadioni bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, poytaxtimizning Yunusobod tumanida joylashgan kriket akademiyasini ham borib ko'rdi, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasiga qaratilayotgan e'tiborni yuksak baholab, kriket sport turining jadal rivojlanayotganini e'tirof etdi.

    Bugun, 10-fevral kuni esa O'zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliev hamda Tojikiston kriket federatsiyasi raisi Najibillohi Ro'zi o'rtasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzolandi.

    Endilikda Xalqaro kriket kengashi (ACC) tomonidan ta'sis etilgan uch bosqichli xalqaro musobaqalar o'zaro hamkorlikda o'tkaziladi. Shu tariqa har ikki federatsiya Xalqaro kriket kengashi talablarini to'laqonli bajargan bo'ladi.

    Memorandumga muvofiq, joriy yil may oyida Tojikistonning kriket bo'yicha erkaklar va ayollardan iborat terma jamoalari Toshkentga keladi hamda ilk bor mamlakatimizning kriket bo'yicha terma jamoalari bilan bellashadi.

    Ilhom Rahmonov