O‘zbekiston va Tojikiston: ta’lim sohasida hamkorlik aloqalari kengaytiriladi

    O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov bugun poytaxtimizda o‘tayotgan “Erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish” mavzusida II Butunjahon konferensiyasi doirasida Tojikiston fan va ta’lim vaziri Raxim Saidzoda bilan uchrashdi.

    Xalqaro Kongress markazida o‘tayotgan mazkur tadbirda dunyodagi qator xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda YUNESKOga a’zo davlatlarning ta’lim vazirlari, yetakchi xalqaro mutaxassis va arboblari ishtirok etmoqda.

    Konferensiyada qatnashayotgan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov tadbir doirasida Tojikiston fan va ta’lim vaziri Raxim Saidzoda bilan uchrashdi.

    O‘zaro samimiy ruhda kechgan muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlik aloqalari, xalqaro ta’lim tizimida keng qo‘llanilayotgan muhim jihatlar xususida so‘z yuritildi.

    Vazir Raxim Saidzoda O‘zbekistonning bugungi ta’lim tizimi, zamonaviy metodik usullar va milliy ta’lim tizimining o‘zaro uyg‘un olib borilayotganligini alohida ta’kidlab, sohada olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi.

    Muloqot davomida xalqaro o‘quv jarayonlari va ilg‘or tajribalar, innovasiyalarni ikki davlat maktab ta’limiga keng joriy etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik istiqbollari xususida fikr yuritildi.