Suhbat avvalida davlat rahbarlari butun musulmon ummati uchun muqaddas Ramazon oyi kirib kelayotgani bilan bir-birlarini samimiy tabrikladilar.
Oʻzbekiston – Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini, xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalarda yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Barcha darajalardagi yuqori surʼat va faol muloqotlar mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar yaqinda boʻlib oʻtgan strategik rejalashtirish guruhining “4+4” formatidagi uchrashuvining samarali natijalarini olqishladilar.
Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi, qoʻshma korxonalar, mamlakatlar oʻrtasidagi aviaqatnovlarning soni izchil oʻsib bormoqda. Muntazam ravishda qoʻshma madaniy tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.
Sanoat, qishloq xoʻjaligi, ijtimoiy himoya va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda loyiha va dasturlarni ilgari surish zarurligi taʼkidlandi.
Mudofaa va xavfsizlik sohasida, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish borasida hamkorlik va oʻzaro muvofiqlashtiruvni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.