Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston-Turkiya savdo aylanmasini oshirish va diversifikatsiyalash boʻyicha erishilgan natijalar hamda kelgusidagi tadbirlar yuzasidan fikr almashildi. Joriy yilning dastlabki 9 oyida oʻzaro savdo hajmi 2,4 milliard dollarga yetgani va bu koʻrsatkich oʻtgan yildagisiga nisbatan 70 foizga oshgani qayd etildi.

Ikki mamlakat bozorlariga xaridorgir oʻzbek va turk mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirish va turlarini kengaytirish boʻyicha ishga solinmagan imkoniyatlar mavjudligi alohida taʼkidlandi. Tomonlar kelgusi yilda oʻzaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish uchun yetarli salohiyat va resurslar mavjudligini ham qayd etdilar.

Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim hamda Elektron tijorat sohasidagi bitimni ishlab chiqish jarayoni koʻrib chiqildi. Jumladan, tomonlar bir qator muhim masalalar boʻyicha kelisha oldilar va hujjatlarning asosiy jihatlari boʻyicha yakdil fikrga keldilar. Hujjatlarni ustida olib borilayotgan ishlar bu yil oxirigacha yakunlanadi.

Ikki tomonlama savdoni oshirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etish, shuningdek, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, uygʻunlashtirish va raqamlashtirish boʻyicha oʻzaro choralar koʻrishga qaror qilindi. Joriy yil oxirigacha ikki mamlakat bojxona xizmatlari Qoʻshma bojxona kengashining 2-yigʻilishini oʻtkazishiga kelishildi hamda uning davomida bu sohada aniq natijalarga erishish rejalashtirildi.

Turk ishbilarmon doiralarini keng turdagi oʻzbek mahsulotlari bilan tanishtirish hamda oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilar bilan boʻlajak turk mijozlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish maqsadida Turkiyaning yirik shaharlarida “Made in Uzbekistan” tarmoqlar koʻrgazmasini oʻtkazish masalasi koʻrib chiqildi. Turkiya tomoni bu tashabbusni ilgari surishda koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mushtarak maqsadlarga erishish boʻyicha navbatdagi tadbirlarni belgilab, yuzaga kelayotgan masalalarni zudlik bilan hal qilish borasida yaqindan hamkorlik qilish mexanizmini yaratishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.